16:18 / 15.01.2025
172

Oʻzbekistonda poraxoʻrlikda ayblangan hokim va “zamhokimlar”

Oʻzbekistonda poraxoʻrlikda ayblangan hokim va “zamhokimlar”
Fotokollaj Daryo
Oʻzbekistonda koʻplab amaldorlar pora bilan ushlangan. Ular olgan poralar miqdori ham xuddi lavozimlari kabi har xil. Mamlakatda korruptsiyaga qarshi kurashish avj olgani sari mansabdorlar olayotgan poralar miqdori ham oʻsib bormoqda.

Foto: DW
Prezident Shavkat Mirziyoyev 200 ming dollar pora olayotganda qoʻlga tushgan prokuror misolida barcha mansabdorlarni ogohlantirgandi. Bundan xulosa chiqarmagan amaldor hamon pora bilan ushlanmoqda. “Daryo” mazkur maqolada hududlarda faoliyat yurituvchi hokimlar hamda ularning oʻrinbosarlari olgan poralar miqdori haqida soʻz yuritadi.

Seyfidan 1 mln dollar chiqqan hokim

Turobjon Joʻrayev. (Chapdan birinchida)
Foto: “Xabar.uz”

Samarqand viloyatining sobiq hokimi Turobjon Joʻrayev sud tomonidan Samarqand shahrida koʻp qavatli uy-joylar qurish uchun pudratchilardan 2 mln 140 ming dollar pora olgan deb topilgan. Uning seyfidan 1 mln dollar naqd pul chiqqan. Shundan soʻng, amaldor Xalq deputatlari viloyat kengashining 2018 yil 13 iyul kuni oʻtkazilgan navbatdan tashqari sessiyasida viloyat hokimi vazifasidan ozod etilib, u va sheriklariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Turobjon Joʻrayev bu harakati uchun 13 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. 2019 yilning 2 avgust kuni jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyati sudining yopiq sud majlisida sobiq hokim va uning jinoiy sheriklariga nisbatan sud hukmi oʻqilgan.

“Jinoiy guruh rahbari” deya koʻrsatilgan Turobjon Joʻrayev Jinoyat kodeksining 205 (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chiqish) va 210 (pora olish) moddalari bilan aybdor deb topilgan.

Uning oʻrinbosari Oʻtkir Abdullayev 11 yilga, hokimlik bosh mutaxassisi Bahodir Xoʻjaqulov 7 yilga, mutaxassislar Botir Abdullayev 6 yilga va Toʻlqin Sulaymonov 5 yilga (shartli) ozodlikdan mahrum qilingan.

3 mln dollarni oʻzlashtirishga uringan hokim oʻrinbosari

Botirjon Hamroyev.
Foto: “Kun.uz”

Andijon viloyati hokimining sobiq oʻrinbosari — viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshligʻi Botirjon Hamroyevga tegishli manzildan 3 mln dollar topilgandi. Ammo bu pullar pora tariqasida olinganmi yoki oʻrinbosar davlatning shuncha pulini eyishga uringanmi bunisi hanuzgacha ma'lum emas.

Viloyat hokimligida ishlovchi “Daryo” manbalarining ma'lum qilishicha, 2019 yildan 2024 yilning oktyabr oyiga qadar viloyat hokimi oʻrinbosari sifatida ishlab kelgan Botirjon Hamroyevning xonadonida oʻtkazilgan tekshiruvlar davomida byudjet mablagʻlarining talon-toroj qilinishi, mansab vakolatini suiiste'mol qilish va boshqa qonunga zid holatlar aniqlangan.

Shundan soʻng “zamhokim” protsessual tartibda ushlangan. Ayni paytda Hamroyevga nisbatan tergov harakatlari davom etmoqda. Jinoyat ishi sudga oshirilgani xususida hech qanday ma'lumot yoʻq.

2024 yilning oktyabrida Hamroyevning oʻrniga Ilhom Sobirov Andijon viloyati hokimining oʻrinbosari — viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshligʻi etib tayinlangandi. Ammo viloyat hokimligining rasmiy saytida haligacha oʻz lavozimida qolayotgani koʻrsatilgan.

Yunusobod hokimi 400 ming dollar pora olishda ayblangan, ammo...

Baxtiyor Abdusamatov.
Foto: “Gazeta.uz”

Toshkent shahrining Yunusobod tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Abdusamatov er uchastkalarini ajratish uchun pora olishda gumon qilinib, 2018 yil sentyabrida qoʻlga olingandi. Unga Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi va 2-qismi “a” bandi (juda koʻp miqdorda zarar etkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish), 210-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 3-qism “a” bandi (juda koʻp miqdorda pora olish) bilan ayblov e'lon qilingan.

2019 yil 1 may kuni boʻlib oʻtgan sud majlisida Toshkent shahar prokurori yordamchisi Sardor Ahmedov sobiq hokim Baxtiyor Abdusamatovdan pora olish toʻgʻrisidagi ayblovni bekor qilishni soʻragan. Majlisda, shuningdek, Abdusamatovning qamoqqa olinishini DXX raisining sobiq birinchi oʻrinbosari Jahongir Egamov va boshqarmalarning sobiq rahbarlari uyushtirgani ta'kidlangan.

Uning advokati esa sobiq hokimning harakatlarida jinoyat alomatlari yoʻqligi, qoʻlga olishda protsessual qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻyilgani va guvohlarga bosim oʻtkazilganini ma'lum qilgan. Shu sababmi hokim Abdusamatov harakatlarida koʻp miqdorda pora olish moddasi boʻyicha jinoyat tarkibi boʻlmagani sababli yuritilgan jinoyatning ushbu qismi harakatdan tugatilgan. Sodda qilib aytganda hokimning 400 ming dollar miqdorida pora olgani yolgʻon boʻlib chiqqan.

Foto: “Daryo”
Sud qarorida dastlabki tergov harakatlari davomida etkazilgan moddiy zararni ixtiyoriy ravishda qoplash maqsadida Abdusamatov tomonidan taqdim etilib, DXX depozit xizmat raqamiga topshirilgan 400 ming dollar uning turmush oʻrtogʻi Abdusamatovaga qaytarilishi belgilangan. Pora olgani isbotlanmagani uchun sobiq hokim hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish moddasi bilan aybli deb topilib, 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlardan ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

20 gektar erni auktsion orqali yutib berish uchun 2 mln dollar soʻragan “zamhokim”

Foto: Telegram
DXX va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Chirchiq shahar hokimining oʻrinbosari 1 mln dollar olgan vaqtida ushlangan.

Hokim oʻrinbosari xizmat mavqeyidan foydalangan holda, klaster shaklidagi savdo majmuasi tashkil etish uchun 40 mln dollar investitsiya kiritish sharti bilan, shahar hokimligi zaxirasidagi 20 gektar erni auktsion savdoga chiqartirib, yutib berish va 49 yil muddatga erga egalik qilish huquqini rasmiylashtirishda koʻmaklashishni va'da qilgan.

Buning evaziga 2 mln dollar talab qilib, boʻnak sifatida oldindan 1 mln dollarni oʻzining haydovchisi orqali olgan vaqtida ushlangan. Juda koʻp miqdorda pora olgan hokim oʻrinbosariga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda koʻp miqdorda pora olish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatiladi va qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Jinoyat ishi hali sudga oshirilgani yoʻq.

Poraxoʻr mansabdorlarning asosiy mahsuloti — er

Oʻzbekistonda aksariyat “zamhokimlar” er oldi-sotdisi bilan qoʻlga tushgan. Qibray tumani hokimining investitsiya masalalari boʻyicha oʻrinbosari J.Mashrabov garchi vakolatiga kirmasa-da, tumandagi 9 gektar boʻsh erni 60 ming dollarga sotishni taklif qilib, 35 ming dollar olgan vaqtda qoʻlga olingan.

Buvayda tumani hokimining birinchi oʻrinbosari M.Dehqonov esa tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun “Erkin iqtisodiy hudud”dan 50 sotix er maydonini rasmiylashtirib berish evaziga 20 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Boʻstonliq tumani hokimi oʻrinbosari Z.Mirzaxoʻjayev ham tumandagi 5 sotix er maydonini 25 ming dollarga sotayotgan vaqtida jinoyat ustida qoʻlga tushgan.

Qoʻqon shahri hokimining birinchi oʻrinbosari ham Qoʻqon mintaqaviy temiryoʻl uzeli moliya boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari bilan birga tadbirkorga temiryoʻl uzeli balansida boʻlgan 2,5 gektar erdagi bino va inshootlar boʻyicha oʻtkaziladigan auktsion savdolarda uning foydasiga qaror chiqartirib berish evaziga 180 ming dollar talab qilgan. Poraning 10 ming dollarini olayotgan paytda ushlangan.

Shuningdek, Chinoz tumani hokimining iqtisodiy masalalar boʻyicha birinchi oʻrinbosari Oqqoʻrgʻon tumanida joylashgan fermer xoʻjaligiga tegishli boʻlgan sugʻoriladigan 35 gektar er maydonini sotish va hujjatlarni tuman hokimligida ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga kelishilgan 90 ming dollardan 40 ming dollarini olgan vaqtida ushlangan.

Tadbirkor chorvachilik klasterini tashkil qilish uchun 1000 gektar er izlayotganidan xabar topgan Mirishkor hokimi oʻrinbosari Muborak tuman IIB boshligʻi bilan til biriktirib, tuman hududidan 500 gektar er ajratib berish evaziga 40 ming dollar soʻragan. Qolgan 500 gektar er maydonini esa jinoiy sherigi jazoni ijro etish koloniyasiga tegishli boʻlgan er maydoni hududidan olib berishini va'da qilgan. Buning evaziga yana 40 ming dollar, jami 1000 gektar er maydoni uchun 80 ming dollar miqdorida pora talab qilgan.

2022 yilning 4 avgust kuni jinoyat ishlari boʻyicha Qarshi tuman sudi mazkur ishni koʻrib chiqib, hokim oʻrinbosarini Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi (firibgarlik jinoyatiga tayyorgarlik koʻrish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) 4-qismining “a” bandi va 28,211-moddasi (pora berish) 3-qismining “a” bandida koʻrsatilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topgan.

U 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan. Bundan tashqari, bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari miqdorida (108 mln soʻm) jarima va 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Ayblanuvchining sherigi, Muborak tumani IIBning sobiq boshligʻi esa 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 213 baravari miqdorida, ya'ni 57 mln 510 ming soʻm jarimaga tortilgan.

Qolaversa, Sayxunobod hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari er oldi-sotdisi bilan shugʻullanib, 25 ming dollar, Taxiatosh hokimining ham aynan shu masala boʻyicha oʻrinbosari 32 mln soʻm, Dehqonobod hokimining ham qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari 5 ming dollar, Xovos hokimi oʻrinbosari esa 1000 dollar pora olayotganda ushlangan.

Nega koʻpincha hokimlar emas, “zamhokim”lar qarmoqqa ilinadi?

Foto: Qozogʻiston respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurash agentligi
Oʻzbekistonda aniqlanayotgan korruptsion jinoyatlar, xususan, pora oldi-berdisida hokimlardan koʻra ularning oʻrinbosarlari qoʻlga tushishi koʻproq kuzatiladi. Biroq bu hokimlarning risoladagidek ishlayotganini anglatmaydi.

Jamoatchilik hokim oʻrinbosarlari pora olish jinoyatida shunchaki vositachi boʻlishi va qoʻlga tushilmagan taqdirda pullar aslida hokimga etib borishiga ishonishadi. Pora bilan qoʻlga tushgan mansabdorlar haqidagi xabarlar muhokamasida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining hokim oʻrinbosarlari tepa, ya'ni hudud rahbari bilan kelishmasdan ish qila olmasligi, kichkina miqdordagi poralardan xabar boʻlmagan taqdirda ham katta miqdordagi poralardan hokim xabardor boʻlishi xususidagi fikrlarini tez-tez oʻqish mumkin.

Korruptsiya eng yuqori boʻgʻindan jilovlanmas ekan, qamalgan oʻrinbosarlar oʻrniga kelgan yangi mulozimlar pora olishda davom etaveradi.

Xalqaro aksilkorruptsion Transparency International tashkilotining oxirgi yillik hisobotida Oʻzbekiston korruptsiya darajasi boʻyicha 180 davlat ichidan 121-oʻrinni oldi. Hisobot 2023 yilga doir, 2024 yilgisi yanvar oxirida e'lon qilishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelgan 2016 yildan beri Oʻzbekistonda korruptsiyani qoralash boʻyicha jiddiy qadamlar qoʻyildi. Xususan, 2020 yilda Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligiga asos solindi, vazirlik va idoralarda korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tizimlari samarali joriy etildi, pora olgan va oʻz mansab vakolatini suiiste'mol qilgan koʻplab amaldorlarga nisbatan qat'iy javobgarlik choralari qoʻllanildi.

Shunga qaramay hisobotda Oʻzbekistonda hatto eng yuqori darajali hukumat idoralarida ham korruptsiya, nepotizm va lavozimini suiiste'mol qilish holatlari yuqoriligicha qolayotgani alohida ta'kidlanadi.

Oʻzbekistonda poraxoʻrlik uchun javobgarlik qanday?

Jinoyat kodeksining 210-moddasi pora olish bilan bogʻliq jinoyatga javobgarlik masalasini belgilab beradi. Pora olish, ya'ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi mansabdor shaxsining oʻz xizmat mavqeyidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin boʻlgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini koʻzlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan oʻzi yoki vositachi orqali qonunga xilof ekanini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy manfaatdor boʻlishi jarimaga tortish jazosidan boshlanib, aybliligiga qarab 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston