06:25 / 19.01.2025
130

Prezident: 60 ta tuman va shahar kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantiriladi

Prezident: 60 ta tuman va shahar kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta'minlash va yangi yondashuvlar asosida kambagʻallikni qisqartirishga oid chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.

Bu yil 5 million 200 ming fuqaroning bandligini ta'minlash va 1,5 million aholini kambagʻallikdan chiqarish maqsad qilingan. Birinchi marta 60 ta tuman va shahar kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantiriladi.

Mahalla bankirlari bilan birga 1,5 million aholi doimiy ishga joylashtirilib, 2 milliondan ziyod odam biznesga jalb qilinadi. Shu maqsadda bu yil kichik biznes loyihalariga jami 120 trillion soʻm kredit ajratiladi.

Ilgʻor xorijiy tajriba asosida 32 ta yoʻnalishda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha yangi yondashuvlar yoʻlga qoʻyiladi. Misol uchun, 300 ta ogʻir mahallada umumiy quvvati 107 megavatt boʻlgan quyosh elektr stantsiyalari ishga tushiriladi. Ularga kambagʻal oilalar a'zolari kooperatsiya asosida ishga olinadi.

123 ta tumanda kambagʻal aholi 20 ming gektar oʻrmon va koʻchatzor barpo etish hamda dorivor oʻsimliklar etishtirishga jalb etiladi. Ular ekkan har 100 ta daraxt uchun 375 ming soʻm subsidiya toʻlanadi.

Turizm salohiyati bor joylarda mehmon uylari va oshxonalar, muayyan pochta boʻlimlarida elektron tijorat markazlari ochilib, kambagʻal oila vakillari ishga olinadi.

Umuman, joriy yilda 6 ming 472 ta mahallada yangi yondashuvlar asosida loyihalar amalga oshirilib, 210 ming nafar aholi kambagʻallikdan chiqariladi.

Chekka hududlardagi, ogʻir toifadagi qishloqlarga alohida e'tibor qaratiladi. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi ularga ishchanlik ruhini olib kirib, boqimandalikni kamaytirishga, kambagʻal oilalar mehnatini qoʻllab-quvvatlashga mas'ul boʻladi.

Davlat rahbari 2025 yil ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirishda hal qiluvchi yil boʻlishini yana bir bor ta'kidlab, bu boradagi chora-tadbirlarni tartibli va manzilli amalga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga bu vazifalarning bajarilishini qat'iy nazoratga olish topshirildi. Har bir loyiha, har bir chora-tadbir elektron platformaga kiritilib, yaratilgan ish oʻrinlari soliq bazasida tekshirilishi belgilandi.

Mahalliy hokimlik xodimlari va “mahalla ettiligi” uchun oʻquvlar tashkil etish, yaxshi tajribalarni targʻib qilish muhimligi aytildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston