
Samarqandda iqlim masalalariga bag'ishlangan Markaziy Osiyodagi ilk tarixiy forum bo'lib o'tdi, deb Nova24.uz sayti xabar berdi. Ushbu forum yakunida O'zbekiston bir qator muhim hamkorlik hujjatlarini imzoladi.
Jumladan, O'zbekiston Germaniya Xalqaro Hamkorlik Jamiyati (GIZ) bilan atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o'zgarishiga qarshi kurash va tabiiy resurslardan barqaror foydalanish sohasida anglashuv memorandumini imzoladi. Bu hujjat mamlakatda barqaror, iqlimga chidamli va kam uglerodli rivojlanishni amalga oshirishga yordam beradi.
Shuningdek, O'zbekiston Ekologiya vazirligi va Qirg'iziston Tabiiy resurslar vazirligi Markaziy Osiyodagi Iqlim o'zgarishi va atrof-muhitni o'rganish universitetida mutaxassislar tayyorlash uchun kvotalar ajratish bo'yicha kelishib oldi. Qirg'izistonlik talabalar uchun 9 ta kvota (5 ta — bakalavriat, 4 ta — magistratura) ajratiladi.
Bundan tashqari, UNICEF bilan strategik hamkorlik bo'yicha kelishuv imzolandi. Ushbu kelishuv atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o'zgarishiga moslashish, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish, bolalar uchun xizmatlarni inklyuziv va barqaror qilishga qaratilgan. Shuningdek, bolalarning ekologik muammolar yechimlarida faol ishtirokini ta'minlashga alohida e'tibor qaratiladi.
Forumda BMTning uch nafar Bosh kotibi o'rinbosari, 30 dan ortiq davlat va tashkilotlar vakillari (UNCCD, FAO, UNIDO, UNECE, ICBA va boshqalar), ekologik konvensiyalar rahbarlari va ekspertlar ishtirok etdi. Forumda “Yashil rivojlanish” konsepsiyasi taqdim etildi va uni Braziliyada bo'lib o'tadigan COP30 doirasida tasdiqlash bo'yicha kelishuvga erishildi.