
O‘zbekiston Senatida bolalar ta’minoti bilan bog‘liq dolzarb masala — aliment tizimi muhokamasi yana kun tartibiga chiqdi. 26 iyun kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda aliment undirish va to‘lash jarayonidagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari atroflicha ko‘rib chiqildi. Parlament bu borada Vazirlar Mahkamasiga rasmiy so‘rov yuborish haqida qaror qabul qildi.
Majlisda aytilishicha, amaldagi aliment miqdori real hayotiy ehtiyojlardan ancha orqada qolmoqda. Ayni paytda Oila kodeksining 99-moddasiga asosan, har bir bola uchun to‘lanadigan aliment hajmi ish haqining eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak. Bugungi kunda ushbu hisoblashga ko‘ra, har bir bola uchun aliment — 306 ming so‘mni tashkil etadi.
Biroq, 2025 yil 1 yanvaridan boshlab belgilangan minimal iste’mol xarajatlari 669 ming so‘mni tashkil etayotganini hisobga olsak, amaldagi aliment miqdori bu raqamning hatto yarmiga yetmayapti. Bu esa bola uchun zarur oziq-ovqat, kiyim-kechak, ta’lim va tibbiy xizmatlar yetishmasligiga olib kelishi mumkin. Senat Yoshlar, xotin-qizlar va madaniyat masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Mo‘ydinova ushbu holatga alohida urg‘u berdi: “Aliment miqdorini bolaning yoshi va ehtiyojlarini inobatga olgan holda qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi.”
Shu bilan birga, aliment to‘lovini amalga oshirishdagi mas’uliyatsizlik masalasi ham kun tartibidan o‘rin oldi. 2023 yilda aliment to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun 5 697 kishi ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu raqam 35 foizga oshib, 8 833 nafarga yetdi. Ushbu shaxslar orasida 1 109 nafari jinoyat ishlari bo‘yicha sud hukmi bilan jazolandi.
Qizig‘i shundaki, ish joyi bo‘lmagan yoki rasmiy daromadi aniqlanmagan qarzdorlardan aliment undirish yanada murakkab vazifaga aylangan. Hozirda bunday shaxslarga nisbatan chora ko‘rish, moliyaviy manbalarini aniqlashda ham huquqiy, ham amaliy muammolar borligi qayd etildi.
Senatorlar xalqaro tajribani ham tilga oldilar. Xususan, Gaaga Konvensiyasiga qo‘shilish masalasi muhokama qilindi. Bu hujjat chet elda istiqomat qilayotgan shaxslardan ham aliment undirish imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasini moliyalashtirish manbalarini kengaytirish, uning mablag‘larini to‘liq qaytarishni ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Jamg‘arma hisobidan 2024 yilda 1 723 nafar undiruvchiga 40,6 milliard so‘m to‘lab berilgan. Ammo ushbu mablag‘larning faqat 2 foizi — 849,2 million so‘migina qayta qaytarilgan. Bu esa jamg‘arma samaradorligi va foydalanish mexanizmi qayta ko‘rib chiqilishini talab qiladi.
Yana bir jiddiy muammo — bolalar tarbiya muassasalariga joylashtirilgan voyaga yetmaganlar nomiga alimentlarning jamlanishi bilan bog‘liq. Qonunga ko‘ra, ushbu bolalar foydasiga aliment to‘lanishi va mablag‘lar bank hisobvarag‘ida jamlanishi kerak. Ammo amaliyotda voyaga yetmaganlar nomiga shaxsiy hisob raqami ochish uchun huquqiy asoslar aniq emasligi sababli, to‘lovlar boshqa hisoblarga amalga oshirib kelinmoqda. Bu esa keyinchalik mablag‘lardan foydalanishda muammolar keltirib chiqarishi mumkin.
Shu munosabat bilan Senat a’zolari Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovini yuborish haqida qaror qabul qildi. Unda aliment miqdorini qayta ko‘rib chiqish, uni bola yoshi va ehtiyojiga moslashtirish, aliment jamg‘armasi va elektron nazorat tizimlarini rivojlantirish kabi muhim takliflar o‘z aksini topgan.
Hukumat va jamoatchilik tomonidan ushbu masalaga jiddiy yondashish bolalarning moddiy ta’minotini ta’minlash, ularning to‘laqonli kamol topishida muhim qadam bo‘ladi. Yaqin kunlarda Vazirlar Mahkamasining mazkur masala yuzasidan qanday choralar ko‘rayotgani va qay tarzda amalga oshirishi e’lon qilinadi. Bu haqda saytimiz orqali kuzatib borishingizni tavsiya qilamiz. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing