CAFA Nations Cup finalida mag‘lubiyatga uchragan Eron milliy terma jamoasi murabbiylar shtabi vakili Andranik Teymuryan bellashuvdan keyin saytimizga intervyu berdi. U o‘yindagi hakamlik qarorlari haqida keskin fikr bildirdi.
"Mening nazarimda, bosh hakamning qarori deyarli har safar faqat Eron terma jamoasi zarariga ishladi. Nega bunday holat ro‘y berganini anglay olmadim. O‘yin davomida juda ko‘p xatolarga guvoh bo‘ldim. VAR tizimi ham bir necha marta aralashdi. Masalan, O‘zbekiston terma jamoasi futbolchisiga qizil kartochka ko‘rsatildi, ammo VAR tekshiruvidan so‘ng bu qaror bekor qilindi. Bu holat meni hayratga soldi. Shu bilan birga, Qirg‘iziston ham hakamlikdan jabr ko‘rgani haqida misol keltirish mumkin.
Rostini aytsam, bunday jarayonlar qanday qilib yuz berayotganini va qizil kartochkaning nima asosda ko‘rsatilganini ham tushunmadim", – dedi Teymuryan.
Shu bilan birga, u Eron terma jamoasining keyingi rejalari haqida ham ma’lumot berdi:
"Oktyabr va noyabr oylarida bir nechta o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazamiz. Ushbu bellashuvlar biz uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Shu orqali jamoa bir oz sinovdan o‘tib, keyinchalik Jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayonini kuchaytirishni rejalashtirganmiz", – deb qo‘shimcha qildi murabbiylar shtabi vakili.
Andranik Teymuryanning so‘zlaridan ko‘rinib turibdiki, Eron terma jamoasi hakam qarorlaridan jiddiy norozi bo‘lgan. Shu bilan birga, ularning asosiy maqsadi – Jahon chempionatiga munosib tayyorgarlik ko‘rish ekanligi ta’kidlandi.
Intervyuni Abdulvosit Bektemirov olib bordi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!