O‘zbekistonda 6 mingga yaqin dorilarning narxi pasaytiriladi

Farmatsevtika agentligi direktori Abdulla Azizov dori vositalari uchun referent narxlar pasaytirilayotganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, bu qaror nafaqat import dorilar bahosini tartibga solish, balki aholi uchun dorixonalardagi narxlarni ham bosqichma-bosqich yengillashtirishga xizmat qiladi.
Azizov 20 yanvar kuni prezident huzurida o‘tgan yig‘ilishdan keyin “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida muhim raqamlarni keltirdi. Unga ko‘ra, 5 dekabr kuni 2 mingta dori preparatining narxi distribyutorlar uchun o‘rtacha 40–60 foizgacha tushirilgan.
“5 dekabrda 2 mingta dori preparatining narxlarini distribyutorlar uchun o‘rtacha 40-60 foizga tushirdik, bu – yurtimizga 70 mln dollar qaytishiga olib keldi”, — dedi agentlik rahbari.
Mutaxassis ta’kidlashicha, aynan shu 2 mingta preparat bo‘yicha referent narxlar pasayishi dorixonalardagi chakana narxlarda ham seziladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘zgarishlar 1-martdan boshlab amaldagi narxlarda aks etishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, Farmatsevtika agentligi tomonidan yangi nizom ham tayyorlangan. Unga asosan, yana 4 mingta import dori vositasining narxi tushirilishi rejalashtirilgan. Demak, yil davomida umumiy hisobda 6 mingga yaqin dori vositasining bahosi arzonlashishi ehtimoli bor.
“Yangi nizom ishlab chiqilgan, unga ko‘ra yana 4 mingta import dori vositasining narxi tushishi kutilyapti. Ya’ni yil davomida 6 mingga yaqin dori vositalarining narxi tushadi”, — dedi Azizov.
Yana bir muhim yangilik — 2026 yilda elektron retsept tizimi to‘liq ishga tushirilishi belgilangan. Hozircha bu yo‘nalishda ishlar ketyapti, ammo raqamlar tizimdan foydalanish hali kutilgan darajada emasligini ko‘rsatadi.
Agentlik rahbarining ma’lum qilishicha, bugunga qadar 400 mingdan ortiq elektron retsept yozib berilgan (taqdimotda 387 mingta ko‘rsatilgan), lekin ularning faqat 54 mingtasi dorixonalarda real sotuvda ishlatilgan.
Shu sabab, endilikda nazorat keskinlashtiriladi. Azizov Bosh prokuratura bilan birgalikda ishlarni jadallashtirish, dorixonalarda elektron retsept amaliyoti haqiqatan ham ishlayaptimi-yo‘qmi — tekshirish rejalashtirilayotganini bildirdi. Bundan tashqari, Soliq qo‘mitasidan olinadigan ma’lumotlar asosida gormonal va antibiotik dorilar elektron retsept bilan sotilayotgani yoki yo‘qligi ham alohida kuzatuvga olinadi.
Qisqasi, referent narxlarning tushirilishi va elektron retseptni to‘liq joriy qilish — dorilar bozorida tartib va shaffoflikni kuchaytirishi, aholi uchun esa dorixona xaridi og‘rig‘ini biroz bo‘lsa ham yengillashtirishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!