date

Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi 62,5 mlrd so‘mlik nafaqalarni tayinladi

Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi 62,5 mlrd so‘mlik nafaqalarni tayinladi

O‘zbekistonda Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mehnatga layoqatsizlik varaqalari asosida 5,4 ming holat bo‘yicha jami 62,5 mlrd so‘mlik nafaqalarni tayinladi. Bu haqda uzdaily.uz xabar beradi.

Bu ko‘rsatkich 2026 yildan bosqichma-bosqich joriy etilayotgan davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimining ilk amaliy natijalaridan biri sifatida baholanmoqda. Tizim “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonun hamda Prezident hujjatlari asosida yo‘lga qo‘yilmoqda, ijroni ta’minlash uchun Vazirlar Mahkamasi aholi uchun to‘lovlarni amalga oshirish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha choralarni tasdiqlagan.

Yangi tartibga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalar davlat ijtimoiy sug‘urtasi orqali to‘lanishni boshlagan. Joriy yil iyul oyidan esa vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari ham shu tizim orqali berilishi rejalashtirilgan.

Islohotlar aholining keng qatlamlari uchun ijtimoiy himoya imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Avval nafaqalar bo‘yicha asosiy mas’uliyat ish beruvchilar zimmasida bo‘lgani sabab xususiy sektorda, ayniqsa ayollar orasida, kafolatlardan to‘liq foydalana olmaslik holatlari uchragan. Yangi tizim rasmiy ishlayotgan fuqarolarga kasallik yoki homiladorlik davrida barqaror daromad ta’minlash orqali bu tafovutni kamaytirishi ko‘zda tutilgan.

Moliyaviy yukning ish beruvchilardan davlatga o‘tkazilishi tadbirkorlarga resurslarni biznesni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish va ishlab chiqarishni kengaytirishga yo‘naltirish imkonini beradi. Shuningdek, homilador ayollarni ishga qabul qilmaslik yoki ishdan bo‘shatish kabi xavflarni kamaytirishi qayd etilmoqda.

Tizim rasmiy bandlikni ham rag‘batlantiradi: nafaqa miqdori sug‘urta stajiga bog‘liq bo‘ladi. Rejalarga ko‘ra, 2026 yilda davlat ijtimoiy sug‘urtasi qamrovi qariyb 2,2 mln nafar budjet tashkilotlari xodimi, 3,6 mln dan ortiq xususiy sektor ishchisi hamda 7 mln dan ziyod yakka tartibdagi tadbirkor, o‘zini o‘zi band qilgan va norasmiy sektorda ishlayotgan fuqarolarni o‘z ichiga oladi.

Jamg‘arma orqali homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalar 165 ming nafar sug‘urtalangan shaxsga to‘lab berilishi rejalashtirilgan. 1 iyuldan esa vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari qariyb 500 ming fuqaroga ariza topshirmasdan, proaktiv tartibda rasmiylashtiriladi.

Yangi tizimning muhim jihati — to‘liq raqamlashtirish: nafaqalar avtomatik tarzda, fuqarolardan qo‘shimcha hujjat talab qilmagan holda tayinlanadi. Bu jarayonlar shaffofligini oshirish, byurokratiyani qisqartirish va inson omili ta’sirini kamaytirishga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.

Amaliy ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil 1–15 yanvar kunlari jamg‘armaga homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha 8,9 mingta mehnatga layoqatsizlik varaqasi kelib tushgan. Shundan 5,4 mingtasi (60%) ko‘rib chiqilib, jami 62,5 mlrd so‘mlik nafaqalar tayinlangan.

Qolgan 3,5 mingta varaqa bo‘yicha 1,3 ming holatda (15%) rasmiy bandlik yo‘qligi yoki sug‘urta staji yetarli bo‘lmagani sabab to‘lov belgilanmagan. Yana 2,2 mingta (25%) ariza bo‘yicha to‘lov tayinlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Fuqarolar nafaqalar holati haqida mehnatga layoqatsizlik varaqalarida ko‘rsatilgan mobil raqamlarga yuboriladigan SMS-xabarnomalar orqali xabardor qilinadi.

Mutasaddilar yangi davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimini faqat to‘lov mexanizmi emas, balki inson manfaatlari va ijtimoiy adolat tamoyillariga tayangan keng qamrovli islohot sifatida baholamoqda. Qabul qilingan qonun moliyaviy barqaror va shaffof tizimni shakllantirish, zamonaviy iqtisodiyot sharoitida aholining ishonchli himoyasini ta’minlash uchun asos bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi 62,5 mlrd so‘mlik nafaqalarni tayinladi