Qashqadaryoda suv muammosiga sun’iy muzliklar orqali yechim topildi

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanining Sarchashma mahallasida suv tanqisligini kamaytirishga qaratilgan zamonaviy yechim joriy etildi. Bu yerda innovatsion texnologiyalar asosida sun’iy muzlik obyektlari barpo qilindi.
Tuman hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur loyiha sovuq faslda suvni muz ko‘rinishida jamlab, bahor va yoz oylarida uni bosqichma-bosqich eritish orqali sug‘orish hamda xo‘jalik ehtiyojlariga yo‘naltirishni nazarda tutadi.
Sun’iy muzliklar FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan «O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va yerlarni tiklashga ta’sirini baholash» loyihasi doirasida moliyalashtirilgan.
Ayni paytda Sarchashma mahallasida to‘rtta sun’iy muzlik ustuni barpo etilgan bo‘lib, ularning har biri qish mavsumida 450 kub metrgacha suv to‘plash imkoniyatiga ega. Bu esa suv zaxirasini bahor va yoz davrigacha saqlab qolishga xizmat qiladi.
Ushbu texnologiya qo‘shimcha energiya talab etmaydi, ekologik jihatdan xavfsiz hamda mahalliy tabiiy sharoitlarga mos hisoblanadi. Kelgusida bu tajribani mamlakatimizning boshqa tog‘li hududlarida ham joriy etish rejalashtirilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!