O‘zbekistonda Haj va Umra uchun yangi tartib joriy etildi

O‘zbekistonda Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish tartibida muhim yangilik joriy qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 24 yanvarda qabul qilingan 27-sonli qarori bilan mazkur sohani raqamlashtirish va yanada takomillashtirishga qaratilgan yangi mexanizmlar belgilab berildi.
Qarorga muvofiq, mamlakatimizda «Haj va Umra yagona portali» ishga tushirildi. Endi muqaddas ziyoratga borishni rejalashtirayotgan fuqarolar ushbu portal orqali ro‘yxatdan o‘tishi shart bo‘ladi. Ya’ni, Haj yoki Umra safariga chiqish uchun yagona elektron tizim orqali ma’lumot kiritish majburiy etib belgilandi.
Yangi tartib bosqichma-bosqich joriy etiladi. Xususan:
- 2026 yil 1 fevraldan — Haj ziyorati uchun,
- 2026 yil 1 maydan — Umra ziyorati uchun portal orqali ro‘yxatdan o‘tish talabi kuchga kiradi.
Shu bilan birga, ziyoratchilar haqidagi ma’lumotlar mazkur portal bazasiga kiritilmagan holatda safarlarni tashkil etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu orqali ziyorat jarayonlarining shaffofligi, tartib-intizomi va samaradorligini oshirish maqsad qilingan.
Yangi tizim fuqarolar uchun qulaylik yaratish, shuningdek, Haj va Umra tadbirlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etishga xizmat qilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!