Tata Steel Chess 2026. Nodirbek Abdusattorov peshqadamlikni saqlamoqda

Veyk-an-Zee shahrida Tata Steel Chess 2026 musobaqasi qizg‘in davom etyapti. Kecha turnirning 12-tur bahslari yakunlandi va bu tur O‘zbekiston muxlislari uchun ancha yoqimli kayfiyatda o‘tdi.
12-turda Nodirbek Abdusattorov Matiyas Bluebaumga qarshi partiyada g‘alaba qozonib, peshqadamlikni yanada mustahkamladi. Javohir Sindarov esa Pragnanandhaa Rameshbabu bilan durang o‘ynadi — bir qarashda “oddiy” natija, ammo jadval uchun juda qimmat ochko.
Masters guruhidagi joriy holat
Jadvaldagi ma’lumotlarga ko‘ra, Masters guruhida turnir jadvali hozir quyidagicha ko‘rinish olgan:
1. Nodirbek Abdusattorov — 8 ochko
2. Javohir Sindarov — 7,5 ochko
3. Jorden van Forest — 7 ochko
4. Hans Nimann — 7 ochko
5. Vinsent Keymer — 7 ochko
6. Matiyas Bluebaum — 6,5 ochko
7. Yag‘iz Kaan Erdogmush — 6,5 ochko
8. Anish Giri — 6 ochko
9. Gukesh Dommaraju — 6 ochko
10. Vladimir Fedoseev — 5,5 ochko
11. Pragnanandhaa R — 5 ochko
12. Aravindh Chithambaram — 4,5 ochko
13. Arjun Erigaisi — 4,5 ochko
14. Tay Day Van Nguyen — 3 ochko

E’tiborlisi, Javohir Sindarov haligacha mag‘lubiyat nimaligini bilmadi: 3 g‘alaba va 9 durang. Ya’ni u turnirdagi eng “stabil” o‘yinchilardan biri bo‘lib turibdi — bu esa final bosqichga kelganda oltindan qimmat xususiyat.
Endi hal qiluvchi tur
Musobaqaning so‘nggi 13-tur bahslari bugun, 1 fevral kuni Toshkent vaqti bilan 16:15 da start oladi. Intriga esa oddiy: Abdusattorov peshqadam, ammo orqadan ta’qib ham juda zich. Demak, har bir ochko — chempionlikka bir qadam.
Avvalroq Nodirbek Abdusattorovning jahon chempionati yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritgani haqida ma’lum qilingandi. Endi esa o‘sha kayfiyatni turnirning eng oxirgi kunigacha olib borish qoldi — muxlislar uchun esa bugungi bahslar “stress + zavq”ning klassikasi bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!