date

O‘zbekiston GovTech bo‘yicha dunyodagi eng yuqori guruhga chiqdi

O‘zbekiston GovTech bo‘yicha dunyodagi eng yuqori guruhga chiqdi
Jahon banki tomonidan tayyorlangan GovTech Maturity Index 2025 natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston davlat raqamli texnologiyalari rivoji bo‘yicha eng yuqori darajaga ega mamlakatlar jamlangan A guruhiga kirdi. Ushbu ko‘rsatkich davlat sektorining raqamli transformatsiyasi qanday bosqichda ekanini aniqlab beradi va an’anaviy reyting emas, balki mamlakatlarni GovTech rivojlanish darajalariga ko‘ra guruhlarga ajratadi.

Ma’lum qilinishicha, 2025 yilda A guruhiga jami 80 ta davlat kiritilgan bo‘lib, bu tadqiqotda qatnashgan 197 mamlakatning 41 foizini tashkil etadi. O‘zbekistonning ushbu nufuzli guruhdan joy olishi so‘nggi yillarda davlat boshqaruvini raqamlashtirish yo‘lida amalga oshirilgan izchil islohotlar va tizimli yondashuvning yaqqol samarasidir.

E’tiborli jihati, O‘zbekiston 2025 yilgi natijalarga ko‘ra Janubiy Koreya, Avstraliya, Kanada, Yaponiya hamda Yevropa Ittifoqi kabi raqamli davlat xizmatlari sohasida an’anaviy yetakchi hisoblangan davlatlar bilan bir guruhda joylashdi. Bu esa mamlakatning xalqaro maydondagi mavqei sezilarli darajada oshganidan dalolat beradi.

GovTech Maturity Index davlatlarni to‘rtta asosiy yo‘nalish bo‘yicha baholaydi. Ular qatoriga davlatning asosiy raqamli tizimlarini shakllantirish va rivojlantirish, onlayn davlat xizmatlarining qamrovi hamda sifati, fuqarolarning raqamli ishtirok darajasi, shuningdek, raqamli transformatsiya uchun zarur institutsional va texnologik muhit kiradi.

Jahon banki hisobotida ta’kidlanishicha, dunyo miqyosida GovTech sohasidagi taraqqiyot bir xil sur’atda emas. Biroq davlat sektorini raqamlashtirishga aniq strategiya va izchil siyosat asosida yondashgan mamlakatlar yuqori darajadagi guruhlarda jamlanmoqda.

O‘zbekistonning A guruhiga kirishi mamlakatda davlat boshqaruvi an’anaviy usullardan voz kechib, zamonaviy, samarali va fuqaroga yo‘naltirilgan raqamli modelga bosqichma-bosqich o‘tayotganini anglatadi. Bu esa kelgusida davlat xizmatlarining yanada shaffof, tezkor va qulay bo‘lishiga mustahkam zamin yaratadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston GovTech bo‘yicha dunyodagi eng yuqori guruhga chiqdi