Venesuela bilan yangi sahifa: Rodrigesning AQSHga ehtimoliy tashrifi...

Venesuela prezidentining AQSHga ehtimoliy tashrifi atrofidagi gap-so‘zlar yana kun tartibiga chiqdi. Oq uy matbuot kotibi Karolin Livitt bu mavzuda savollarga javob berib, hozircha aniq sana yo‘qligini, masala muhokama qilinganini, lekin bu bosqichda qat’iy rejalar shakllanmaganini bildirgan.
Shu bilan birga, Livitt Vashington Karakas tomonidan siyosiy mahbuslar bo‘yicha qabul qilingan amnistiya qarorini ijobiy qadam sifatida qabul qilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday yo‘nalishdagi harakatlar keng jamoatchilik tomonidan ham olqishlanishi kerak. Oq uy vakili Rodriges tomonidan olingan majburiyat bajarilganini qayd etar ekan, Vashington bu va’dalar izchil davom ettirilishini kutyapti, degan mazmunda fikr bildirgan.
Aslida, bu jarayonlar fonida AQSH–Venesuela munosabatlarida so‘nggi oylarda turli signallar ko‘rina boshladi: neft savdosi, moliyaviy hisob-kitoblar, siyosiy jarayonlar va diplomatik aloqalar haqidagi xabarlar bir-birini quvlab kelyapti. Masalan, avvalroq AQSH Karakas bilan kelishuv doirasida neft savdosidan tushgan 500 million dollar mablag‘ni Venesuela hukumatiga qaytargani haqida ma’lumotlar tarqalgan edi.
Albatta, bu yerda bitta muhim nyuans bor: “tashrif bo‘ladi” degan gapning o‘zi hali “hammasi hal bo‘ldi” degani emas. Diplomatiyada ba’zan bir og‘iz jumlalarning ortida oylarcha muzokara, yuzlab mayda kelishuvlar va ayni paytda kuchli ichki-siyosiy hisob-kitoblar turadi. Shuning uchun Oq uyning “hozircha qat’iy reja yo‘q” degani — bu eshik yopildi degani emas, faqat hozircha qulf kaliti rasman chiqmagani, xolos.
Karakasdagi amnistiya masalasi ham shunchaki bir “piar” mavzusi emas: bu qaror Vashington va xalqaro maydonda Venesuela bo‘yicha keyingi qadamlarga ta’sir qiladigan, ishonchni sinab ko‘radigan signal sifatida qaralyapti.
Xulosa shu: hozir o‘yin maydonida “katta transfer” haqida gap ketyapti, lekin shartnoma hali imzolanmagan. Agar tomonlar amaliy qadamlarni davom ettirsa, tashrif mavzusi ham shov-shuv emas, real diplomatik voqelikka aylanishi mumkin. Ha, siyosat — romantika emas. Lekin ba’zan aynan sovuq hisob-kitoblar ortidan odamlar hayotida issiq o‘zgarishlar boshlanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!