Kinder shokoladidagi mashhur bola hozir qanday ko‘riinishda?

O‘n besh yil davomida “Kinder” shokoladi o‘ramidagi tabassumli bola chehrasini hamma tanirdi. Lekin uning shaxsiyati uzoq vaqt maxfiy saqlandi, shu sabab turli taxminlar, gap-so‘zlar va hatto o‘zini “o‘sha bola” deb ko‘rsatgan “soxta yulduz”lar ham chiqdi. Aslida esa haqiqiy qahramon shartnoma sabab sukut saqlashi shart edi.
Hammasi 2004 yildagi kastingdan boshlangan: kompaniya 11 yoshli italiyalik Matteoni tanladi, dizaynerlar uning suratini qayta ishlab, brend yuziga aylantirdi. Qadoq bir necha bor yangilandi — kiyim, orqa fon o‘zgardi, ammo bolaning tabassumi va obrazi saqlanib qoldi.

Vaqt o‘tishi bilan turli odamlar o‘zini shokolad o‘ramidagi “o‘sha bola” deb da’vo qildi: Buyuk Britaniyalik Josh Beytson bu obrazdan modellikda foydalangan, Italiyada esa teleboshlovchi Alessandro Egger ham shunday gaplar aytgan. “Ferrero” bu holatlarga izoh bermagan, Matteo esa onasi imzolagan kelishuv tufayli gapira olmagan.
Shartnoma 2019 yilda tugadi. Matteo 2021 yilda ehtiyotkorona ishora qilib, o‘sha bola ekanini aytdi, ammo bahslar yana avj oldi. Nihoyat, u 2024 yilda “Ferrero” bilan imzolangan hujjatni jurnalistlarga taqdim etib, 2004–2019 yillarda qadoqda aynan uning surati ishlatilganini rasman tasdiqlatdi. Qizig‘i, u ramziy marosimda o‘z “rol”ini yangi bolaga topshirgan, lekin yangi qahramonning ismi ochiqlanmagan.

Hozirda Matteo Farneti 32 yoshda. U model va aktyor sifatida ishlaydi, turli agentliklar bilan hamkorlik qiladi, atir va kiyim-kechak reklama kampaniyalarida qatnashadi, ko‘p safar qiladi. Ijtimoiy tarmoqlarda ish jarayonlari, sayohat lavhalari va do‘stlari bilan tushgan suratlarni ulashadi. Oilasi haqida iliq fikr aytsa-da, shaxsiy hayotini ko‘p oshkor qilmaydi. Ba’zi postlarida Merkatorum universitetidagi o‘qishi haqida ham ma’lumotlar uchraydi, ammo uning asosiy yo‘li baribir modellik bo‘lib qolmoqda.

Matteo “Kinder” bilan ishlashni omadli imkoniyat deb biladi: u uchun intizom va sabr maktabi bo‘lgan. Endi sir ochilganidan keyin esa o‘sha yillarni xotirjamlik bilan, tabassum bilan eslashi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!