Darknetda 15 million fuqaro ma’lumotlari tarqalganmi?

Ma’lum qilinishicha, davlatning asosiy OAuth autentifikatsiya serveri buzilishi ortidan hukumat axborot tizimlarida saqlangan kamida 15 million nafar O‘zbekiston fuqarosiga oid shaxsiy ma’lumotlar darknet muhitiga chiqib ketgan bo‘lishi mumkin.
Xabarlarga ko‘ra, fuqarolarning tibbiy ma’lumotlari jamlangan Ijtimoiy himoya milliy agentligi (IHMA) axborot tizimi ham to‘liq buzib kirishga uchragan. Shu bilan birga, Ichki ishlar organlariga tegishli shaxsiy ma’lumotlarning tarqalishi ham elektron hukumatning OAuth serveri buzilgani bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimol qilinmoqda.
Manbalarga tayanilgan holda aytilishicha, oddiy pasport ma’lumotlaridan tortib, fuqarolarning ish joyi va tibbiy tarixi haqidagi maxfiy axborotlargacha bo‘lgan ma’lumotlar hakerlar qo‘liga o‘tib ketgan bo‘lishi mumkin.
Darknetda tarqalgani aytilayotgan fayllar orasida bir qator fotosuratlar ham mavjud. Ushbu tasvirlardan birida bankirlar Hasan Rahmatov, Ayubxon Kamolov hamda Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos aks etgani qayd etilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!