Oʻzbekistonda huquqbuzarliklar haqida ilova orqali xabar berish imkoniyati yaratiladi

Oʻzbekistonda fuqarolar huquqbuzarlik holatlarini foto va video orqali tezkor tarzda inspektorlarga yuborishi mumkin boʻlgan mobil ilova ishga tushiriladi. Bu boradagi hujjatga prezident Shavkat Mirziyoyev imzo chekdi. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Ichki ishlar vazirligi murojaatlarni real vaqt rejimida qabul qilishni yoʻlga qoʻyadi: buning uchun patrul xodimlari planshetlar bilan taʼminlanadi. Tizim qoidabuzarlik qayerda sodir boʻlishidan qatʼi nazar, tezroq choralar koʻrishga xizmat qilishi kutilmoqda.
“Mening inspektorim” nomli mobil ilovani 2026 yil noyabriga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan. Ilova orqali fuqarolar inspektorlar bilan muloqot qilishi, foto, audio va video xabarlar hamda xavotir signallarini yuborishi, shuningdek, xodimlar faoliyatini baholashi mumkin boʻladi.
Bundan tashqari, 2026 yil mayiga qadar boshqa idoralar bilan hamkorlikda oilaviy nizolar kuzatiladigan xonadonlar bilan ishlashga moʻljallangan alohida tizimni joriy etish rejalashtirilmoqda. U maʼlumotlarni jamlash va tahlil qilish orqali maishiy jinoyatlarning oldini olishga yordam berishi aytilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!