2026 yil uchun ish vaqti kalendari e’lon qilindi

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan 2026 yilga mo‘ljallangan ish vaqti kalendari ishlab chiqildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati rasmiy xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu ish vaqti kalendari Mehnat kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2026 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi farmoni, shuningdek 2025 va 2026 yil kalendarlari asosida tayyorlangan.
Hujjatda turli ish haftalari uchun hisob-kitoblar aniq keltirilgan. Ya’ni, 5 kunlik (40 soatlik), 6 kunlik (40 soatlik) va 6 kunlik (36 soatlik) ish haftalari bo‘yicha oylar, choraklar, yarim yillik va yil kesimida ish soatlari me’yori hamda ish kunlari soni alohida hisoblab chiqilgan. Shuningdek, 2026 yilda nishonlanadigan rasmiy bayram kunlari va bayramoldi ish kunlarida ish vaqti me’yorlari ham maxsus tartibda belgilangani qayd etilgan.

Vazirlik ta’kidlashicha, ushbu hujjatdan quyidagi maqsadlarda foydalanish mumkin:
-ish jadvallarini ishlab chiqishda;
-ta’tillarni rejalashtirish va rasmiylashtirishda;
-oylik, choraklik va yillik ish soatlarini aniqlashda hamda boshqa amaliy ishlar uchun.
Shu bilan birga, agar Prezident Farmoni bilan qo‘shimcha dam olish kunlari belgilansa yoki dam olish kunlari ko‘chirilsa, ushbu ish vaqti kalendari ham yangilanishi mumkinligi alohida qayd etildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!