Ustyurt platosida gazning yangi oqimi aniqlandi

Ustyurt platosidagi mashhur «Mo‘ynoq» koni hududida Shagirlik-quyi yura №2 qidiruv qudug‘ida tabiiy gazning yangi oqimi qayd etildi. Bu haqda «UzA» axborot agentligi xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, geologlar taxminan 5 ming metr chuqurlikda gazga boy qavatlarni aniqlashdi. Quduqdagi burg‘ilash ishlari 2026 yil 10 yanvar kuni muvaffaqiyatli yakunlangan.
Loyiha doirasidagi geologiya-qidiruv va burg‘ilash ishlarini «Uzbekgeofizika» AJ hamda Neft va gaz konlarini geologiya va qidiruv davlat instituti hamkorlikda amalga oshirmoqda. Mutaxassislar bu topilmaning mintaqadagi uglevodorod resurslarini o‘zlashtirish istiqbollarini sezilarli darajada kengaytirishini ta’kidladi.
Shuningdek, rejaga ko‘ra, yaqin vaqt ichida yana ikki qidiruv qudug‘i — №3 va №4 ham burg‘ilash ishlariga kirishadi. Bu esa O‘zbekistonning energetika salohiyatini yanada mustahkamlaydi va ichki ehtiyojni qoplash hamda eksport salohiyatini oshirish imkonini beradi.
Qisqasi, «Mo‘ynoq» konlaridagi yangi topilmalar nafaqat iqtisodiy istiqbolni yaxshilaydi, balki O‘zbekistonning global gaz bozoridagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi. Muttaxassislar fikriga ko‘ra, bu tarmoqda yanada samarali va barqaror rivojlanish uchun imkoniyatlar keng.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!