2025-yilda ish vaqtidagi baxtsiz hodisalar oqibatida 248 kishi halok bo‘lgan

2025-yil davomida O‘zbekistonda ish joylarida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar oqibatida 248 nafar fuqaro halok bo‘lgan. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yil davomida respublika bo‘ylab mehnat faoliyati bilan bog‘liq jami 849 ta baxtsiz hodisa qayd etilgan.
Mazkur hodisalarning 50 tasi guruhiy tarzda sodir bo‘lgan bo‘lsa, 583 tasi og‘ir oqibatlarga olib kelgan. Shuningdek, 216 ta holat o‘lim bilan yakunlangan. Baxtsiz hodisalar natijasida 680 nafar fuqaro og‘ir, 33 nafar fuqaro esa yengil tan jarohati olgan.
Eng ko‘p baxtsiz hodisalar qurilish sohasida qayd etilib, ushbu yo‘nalishda 234 ta holat aniqlangan. Shuningdek, yengil sanoat sohasida 47 ta, transport sohasida esa 37 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan. Mutaxassislar ushbu sohalarda mehnat xavfsizligiga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlamoqda.
Aniqlangan holatlar yuzasidan mas’ul shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar ko‘rilgan. Jumladan, 432 nafar mansabdor shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, 241 nafariga esa ma’muriy jarima qo‘llanilgan. Rasmiylar ish joylarida xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash inson hayoti va sog‘lig‘ini asrashda muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!