Prezident Almazor tumanida 30 million dollarlik xususiy tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Almazor tumaniga tashrif buyurib, yangi ko‘p tarmoqli Sinomed tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishdi. Tashrif davlat rahbari o‘tgan yil 10 noyabrda ta’kidlagan sog‘liqni saqlashda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash siyosatining amaliy davomi sifatida baholandi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hozirda mamlakatda tibbiy xizmatlarning qariyb 30 foizi xususiy klinikalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Hukumat bu yo‘nalishda sharoitlarni kengaytirib, xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirishni rejalashtirgan.
Sinomed loyihasining umumiy qiymati 30 million dollarni tashkil etadi. Klinikaga yuqori texnologiyali uskunalar Buyuk Britaniya, Italiya, Yaponiya va Germaniyadan olib kelingan.
Markaz yiliga 4,5 ming nafargacha bemorni qabul qilish quvvatiga ega. Bu yerda jarrohlik, pediatriya, travmatologiya, ortopediya va endokrinologiya yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatiladi.
Klinikada kadrlar salohiyatiga alohida e’tibor qaratilgan: 300 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan, shifokorlar jamoasi 80 dan ziyod mutaxassisdan iborat. Ularning 60 nafardan ko‘prog‘i Janubiy Koreya, Germaniya, Turkiya, Hindiston va AQShning yetakchi klinikalarida o‘qish va stajirovka o‘tagan. Shuningdek, markazda xorijlik mutaxassislar ham amaliyot olib boradi.
Sinomedning o‘ziga xos jihatlaridan biri — Toshkentda ilk bor xususiy tug‘ruq majmuasi tashkil etilgani bo‘ldi. U bir vaqtning o‘zida 30 nafar ayolni qabul qilish imkoniyatiga ega. Prezident homiladorlik bo‘yicha hisobga olishdan tortib, tug‘ruqdan keyingi parvarishgacha bo‘lgan kuzatuv tizimi bilan batafsil tanishdi hamda sifatli prenatal nazorat ayollar uchun stressni kamaytirib, sog‘lom onalik madaniyatini shakllantirishini ta’kidladi.
Markaz infratuzilmasiga respublikadagi eng yirik xususiy emlash punkti hamda nodavlat sektordagi yagona ixtisoslashgan sterilizatsiya markazi kiradi. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida koll-markazlar va uy sharoitida ko‘rik o‘tkazishga qodir mobil patronaj guruhlari yo‘lga qo‘yilgan.
Klinika rahbariyati kelgusida o‘rinlar fondini kengaytirish va bolalar uchun profilaktik dasturlarni kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Jamoa bilan muloqotda prezident malakali shifokorlarning mamlakatga qaytib, ilg‘or tajribani amaliyotga joriy etishi islohotlarning muhim natijasi ekanini qayd etdi. Davlat rahbari xususiy markazlar soni ko‘payishi sog‘lom raqobatni kuchaytirib, aholiga tanlov imkonini, xizmatlar sifati va narxlar muvozanatini ta’minlashini ham urg‘uladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!