O'zbekistonda ayrim hududlardagi oilaviy tadbirkorlarga kredit stavkasi pasaytiriladi

Joriy yilda kichik va o'rta biznesni qo'llab-quvvatlash uchun 140 trillion so'm miqdorida kredit ajratiladi. Shu bilan birga, kredit berish tartibi qayta ko'rib chiqilib, yangi tizimda hududlarning imkoniyati va sharoiti inobatga olinadi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 2026 yilda kambag'allikni qisqartirish va aholi bandligini ta'minlash bo'yicha ustuvor vazifalarga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida ma'lum qildi. Davlat rahbari hozir banklar barcha uchun bir xil shartlarni taklif qilayotganini, biroq tadbirkorlarning sharoiti hududdan hududga keskin farq qilishini ta'kidladi.
Prezident misol sifatida Olmazor va Bo'zatovdagi imkoniyatlarni qiyoslab, oilaviy tadbirkorlik dasturida har ikki hududga ham 17,5 foiz stavkada bir xil kredit ajratilayotganini qayd etdi. Endilikda dastur doirasida 37 ta “og'ir” hududda kreditlar 12 foiz stavkada beriladi.
Oilaviy tadbirkorlik dasturida imtiyozli kreditning eng yuqori miqdori barcha tumanlarda 1,5 baravarga oshirilib, 50 million so'm etib belgilandi. Import va sertifikatlangan naslli chorva xaridi uchun 100 million so'mgacha, mehmon uyi tashkil etish, kichik sovitkich yoki mahsulotni saqlash va qayta ishlashga mo'ljallangan mini-texnologiyalar uchun esa 150 million so'mgacha garovsiz kredit olish imkoniyati yaratiladi.
Chegaraoldi va anklav hududlardagi 562 ta mahallada amalga oshiriladigan loyihalar uchun kredit limiti 1 milliard so'mgacha oshiriladi. Ushbu choralarni moliyalashtirish maqsadida oilaviy biznes uchun rejalashtirilgan 3,6 trillion so'mga qo'shimcha ravishda yana 2 trillion so'm yo'naltiriladi.
Mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish uchun banklar bu yil 17 trillion so'm kredit ajratadi. Mahsulot yetishtirishga olingan kreditlarning 4 foizi, qayta ishlash loyihalari bo'yicha esa 6 foizi kompensatsiya qilinadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!