Tugʻilish kamaydi, ajrimlar koʻpaydi: jamiyatda qanday oʻzgarishlar?

Oʻzbekistonda demografik koʻrsatkichlarda yangi tendensiya kuzatilmoqda — tugʻilishlar kamayib, aksincha ajrimlar va oʻlim holatlari oshmoqda. Bu haqda Statistika qoʻmitasi taqdim etgan soʻnggi maʼlumotlardan maʼlum boʻldi.
Aholi soni oʻsishda davom etmoqda

2026 yil 1 aprel holatiga koʻra, respublika doimiy aholisi 38 million 382 ming nafardan oshdi. Bu oʻtgan yilga nisbatan qariyb 685 ming kishiga yoki 1,8 foizga koʻproq demakdir.
Aholining 50,9 foizi shaharlarda, 49,1 foizi esa qishloq joylarda yashaydi. Erkaklar soni 19,33 mln, ayollar esa 19 milliondan ortiqni tashkil etmoqda. Hududlar kesimida eng koʻp aholi Samarqand va Fargʻona viloyatlarida, eng kam koʻrsatkich esa Sirdaryo viloyatida qayd etilgan.
Tugʻilishlar kamaymoqda

Joriy yilning birinchi choragida 191,1 mingta chaqaloq tugʻilgan boʻlib, bu soʻnggi besh yil ichidagi eng past koʻrsatkich sifatida qayd etildi. Solishtirish uchun, 2024 yilning shu davrida 205,7 ming, 2025 yilda esa 198,1 ming tugʻilish kuzatilgan.
Oʻlimlar soni oshgan
2026 yil yanvar–mart oylarida 43,5 ming nafar fuqaro vafot etgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2,1 ming kishiga koʻproqdir.
Nikohlar kamayib, ajrimlar ortib bormoqda

Uch oy davomida mamlakatda 42,3 mingta nikoh rasmiylashtirilgan. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 1,5 mingtaga kamaygan.
Shu bilan birga, ajrimlar soni ortib, 12,7 mingta oila ajrashgani qayd etildi. Bu esa 2025 yilning shu davriga nisbatan 1,2 mingtaga koʻp demakdir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!