Mirziyoyev Farg‘onadagi yangi IT-park imkoniyatlari bilan tanishdi

Bugun, 28 aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahrida barpo etilgan zamonaviy IT-park majmuasiga tashrif buyurib, u yerda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur majmua Prezidentning 2024 yil avgust oyida viloyatga qilgan tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida qisqa muddatda bunyod etilgan. Loyihaga jami 150 milliard so‘m budjet mablag‘lari yo‘naltirilib, natijada zamonaviy va ko‘p funksiyali IT-markaz barpo etilgan.
Ushbu majmua bir vaqtning o‘zida 200 nafargacha foydalanuvchini qamrab olish imkoniga ega bo‘lib, yiliga 3 mingdan ortiq yoshlarni o‘qitish, ularni amaliy loyihalarga jalb qilish hamda axborot texnologiyalari xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatini yaratadi.

Markazda frilanserlar va dasturchilar uchun qulay kovorking hududlari, rezident kompaniyalar uchun esa to‘liq jihozlangan zamonaviy ofislar tashkil etilgan. Eng muhimi, bu yerda ta’lim, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayonlari o‘zaro integratsiyalashgan holda yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa yoshlarning o‘zini o‘zi band qilishiga, zamonaviy kasblarni egallashiga va barqaror daromad topishiga xizmat qilmoqda.
So‘nggi yillarda Farg‘ona viloyatida IT xizmatlari hajmi sezilarli darajada oshgani qayd etildi. Xususan, soha 4 barobarga kengayib, eksport hajmi 23 million dollardan ortgan. Hozirda viloyatda “IT-Park” rezidentlari soni 139 taga yetgan bo‘lib, 2025 yilda 22,7 million dollarlik xizmatlar eksport qilingan.

Yangi IT-park doirasida esa yanada katta maqsadlar belgilangan. Jumladan, rezidentlar sonini 200 nafarga yetkazish, 700 ta yangi ish o‘rni yaratish, xizmatlar hajmini keskin oshirish hamda eksport ko‘rsatkichlarini 30 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Kelgusida ushbu majmua negizida sun’iy intellekt texnologiyalariga ixtisoslashgan alohida markaz tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, boshqaruv tizimlarini raqamlashtirishga qaratilgan innovatsion loyihalar, dasturlash, grafik dizayn, kompyuter savodxonligi va ingliz tili bo‘yicha zamonaviy o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, startaplar uchun venchur moliyalashtirish, grant dasturlari va akseleratsiya loyihalarini joriy etish orqali yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan.
Tashrif davomida Shavkat Mirziyoyev IT-park rezidentlari hamda sohada faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan samimiy muloqot o‘tkazdi. Ular tomonidan ilgari surilgan istiqbolli g‘oya va tashabbuslar yuqori baholanib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi.
