14:02 / 28.01.2018
5 275

Taraqqiyotimizning "yangi davri" boshlandi...

Тараққиётимизнинг "янги даври" бошланди...
O‘zbekistonda hayot daryosi shiddat bilan oqmoqda. Bugungi kun talablariga javob bermaydigan, ko‘rimsiz uylar va mahallalar o‘rnida yangi, hashamatli, osmono‘par binolar qad ko‘tarmoqda.

Yaqin bir necha yil ichida “Tashkent City” xalqaro biznes markazi bunyod etilishi bilan poytaxtimiz zamonaviy me’moriy qiyofasi orqali ham jahonning eng yirik shaharlari qatoridan munosib o‘rin egallaydi.

Yangi zamonaviy uylar hamda shaharlarning barpo etilishi qatorida yurtdoshlarimiz tafakkuri bilan bog‘liq o‘zgarishlar ham ulug‘vor. Mustamlakachilik davrida mutafakkir siymolarimizning katta bir qismi qatag‘on, ikkinchi qismi quvg‘in qilindiki, bunday ayanchli hol xalqning ijtimoiy, huquqiy, ilmiy va badiiy tafakkuriga benihoya salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Tabiiyki, millatimizning ilmiy va badiiy tafakkuri yanada yuksak bosqichga ko‘tarilishi uchun ozodlikka erishish, yangi davr nihoyatda zarur edi.

Yigirmanchi asr adog‘ida mustaqillikning qo‘lga kiritilishi shunday ezgu va xayrli davrning boshlanishiga shart-sharoitlar yaratdi. XXI asrda aytish joizki, Milliy Uyg‘onish yangi kuch bilan ikkinchi bosqichini boshlab berdi. Shu munosabat bilan O‘zbekistondagi hayot oqimi g‘oyat tezlashib, jadallashib ketdi. Xalq hamda mamlakat hayotining barcha sohasida qisqa muddat ichida ulkan o‘zgarishlar sodir bo‘ldiki, hozir nafaqat bu o‘zgarishlarning guvohi va ishtirokchisi bo‘lgan bizlar, balki kuzatayotgan xorijiy davlatlar ham hayratga tushmoqda.

Ilm-fan hamda adabiyot olamiga mansub bo‘lganim bois xalq va mamlakat hayotining bu o‘ta muhim sohalariga berilayotgan katta e’tiborni ko‘rib, boshqa hamkasblarim singari shu kunlarda qushdek qanot yozib yuribman.

Insoniyat tamadduni taraqqiy etgani sayin ilm-fanning yangi sohalari paydo bo‘lganidek, adabiyot va san’atda ham yangi-yangi yo‘nalishlar vujudga kelaveradi. Bu tinimsiz taraqqiy etib borayotgan davr jamiyatdan barcha kuchlarni ishga solishni, shunga monand ilg‘or bo‘lishni, yangi ilmiy-texnik ufqlar sari intilishni taqozo qiladi. Afsuski, tariximizning ma’lum davrlarida fan hamda madaniyatga e’tibor susaydi, soha zahmatkashlari qadrsizlandi. Shuning natijasi o‘laroq fan-texnikaning ma’lum sohalari tanazzul holatiga tushdi. Adabiyotimiz va san’atimiz bundan-da yuksakroq dovonga ko‘tarilishi mumkin edi...

Ana shunday sharoitda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va g‘ayrat-shijoati bilan boshlangan islohotlar silsilasi xalq hamda mamlakat hayotining barcha sohasini o‘z qamroviga tortib, xalqda yangi Milliy Uyg‘onish davri boshlanganiga katta ishonch uyg‘otdi. Bunday ishonch Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi, “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni, O‘zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigidagi samimiy dil so‘zlari bilan yanada mustahkamlandi.

“Biz taraqqiyotimizning yangi davri, yangi bosqichiga qadam qo‘ydik”; “Xalqimizning fidokorona mehnati bilan 2017 yilni barcha sohalarda yorug‘ yuz bilan yakunlashga erishdik”; “El-yurtga xizmat qilish hayotimiz mazmuniga aylanmoqda”; “Eng muhimi, davlatning xalqqa munosabati o‘zgarmoqda”... Prezidentimiz tabrigidagi bunday mazmundor iboralarni tinglar va o‘qir ekanmiz, uning Yangi 2018 yilni “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb e’lon qilgani hamda “Biz buyuk kelajagimizni aynan mana shunday yuksak maqsad va g‘oyalar asosida barpo etamiz”, degan so‘zlari zamirida hayotiy haqiqat borligini ko‘rib quvonamiz.

“2018 yil O‘zbekiston taraqqiyotida hal qiluvchi yil bo‘ladi”, degan so‘zlarda safarbarlik ruhi bilan birga qat’iy ishonch tuyg‘ulari ham porlab turadi.

Adabiyotshunoslik — filologiya fanining muhim bir sohasi. Bu soha yosh avlodning buyuk insonparvarlik g‘oyalari hamda qadriyatlari asosida tarbiyalanishiga qanchalik xizmat qilsa, yosh yozuvchilar mahoratining o‘sishiga, milliy adabiy an’analarining davom etib, yangilanib va boyib borishiga yordam beradi. O‘zbek xalq og‘zaki ijodi ham, o‘zbek adabiyoti ham dunyodagi eng uzoq tarixga ega bo‘lgan folklor va adabiyotlardan biridir.

O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining bir guruh olimlari hozir 100 jildlik “O‘zbek xalq og‘zaki ijodi yodgorliklari”ning 5 — 10 jildlarini nashr etish arafasida turibdilar. Boshqa bir guruhi esa 100 jildlik “O‘zbek adabiyoti durdonalari” turkumining dastlabki jildlarini nashrga tayyorlamoqda. O‘zbek mumtoz adabiyoti namoyandalarining 50 jilddan, zamonaviy o‘zbek yozuvchilarining 50 jilddan iborat badiiy durdonalari 5 yil ichida kitobxonlar qo‘liga borib tegadi. Bu ikki turkumning nashr etilishi o‘zbek xalqi badiiy madaniyatining qadimiyligi hamda boyligini namoyish etibgina qolmay, “O‘zbek mumtoz adabiyotining shakllanish va rivojlanish tarixi”, “Zamonaviy o‘zbek adabiyotining shakllanish va rivojlanish tarixi”, “O‘zbek xalq og‘zaki ijodining shakllanish va rivojlanish tarixi” singari fundamental tadqiqotlarning yaratilishida boy badiiy manba bo‘lib xizmat qiladi. Ayni paytda “O‘zbek adabiy tilining shakllanish va taraqqiyot tarixi”, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” singari ko‘p jildli asarlarning yaratilishiga zamin hozirlaydi. Bu ilmiy ishlarning amalga oshirilishi o‘zbek xalqining jahon badiiy madaniyati hamda tamadduni taraqqiyotiga qo‘shgan katta hissasini aniqlash va asoslash imkonini beradi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga haqiqiy a’zo bo‘lib saylanish qanchalik faxrli hamda quvonchli bo‘lmasin, bu, avvalo, behad darajada katta mas’uliyatdir. Yangi a’zolar uchun joriy etilgan “Yo‘l xaritasi”da 2018 yilning har bir faslida, ilmiy, pedagogik, tashkiliy va boshqa sohalar bo‘yicha bajarilishi lozim hisoblangan ishlar ro‘yxati ifodalangan. Qo‘yilgan vazifalarni vijdonan bajarib, xalqimiz ishonchini oqlash asosiy maqsadimizdir.
Naim KARIMOV,
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zosi.

Manba: xs.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Taraqqiyotimizning "yangi davri" boshlandi...