date

Shavkat Mirziyoyev Namangandagi yangi aeroport qurilishi bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev Namangandagi yangi aeroport qurilishi bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 sentyabr kuni Namangan viloyatiga tashrif buyurib, hududda amalga oshirilayotgan islohotlar va aholi turmush darajasi bilan yaqindan tanishdi.

Hududdagi o‘zgarishlar aeroport darvozasidanoq ko‘zga tashlanadi. Bu yerda umumiy qiymati 140 million dollar bo‘lgan yirik investitsiya hisobiga yangi, zamonaviy terminallar barpo etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, davlat rahbarining o‘tgan yilgi tashrifi chog‘ida ushbu loyiha taqdim etilgan edi. Hozirda qurilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilyapti.

Mavjud aeroport hozirgi turistlar oqimiga to‘liq xizmat qila olmayapti. Shu bois, 3 qavatli qilib qurilayotgan yangi terminal ishga tushgach, yo‘lovchi tashish quvvati 2,5 barobarga oshadi. Bu yerda chegara nazorati va viza bo‘limlari, biznes zali, savdo va ovqatlanish shoxobchalari, tibbiyot xonasi hamda Duty free do‘konlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, aeroport hududida yirik yuk terminali ham qurilyapti. U orqali kuniga 50 tonnadan ortiq yuk tashish, 90 ta davlatga eksport amalga oshirish imkoniyati yaratiladi. Bu esa vodiy miqyosida yagona kargo tizimini shakllantirib, hududning tranzit va eksport salohiyatini sezilarli darajada oshiradi.

Masalan, joriy yil Namangan viloyatiga 1,5 million xorijiy va 2 milliondan ko‘proq mahalliy turistni jalb qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, xizmatlar eksportini 210 ming dollarga yetkazish maqsad qilingan. Hududiy qo‘shni — Andijon va Farg‘ona viloyatlari eksporti ham barqaror o‘sish yo‘nalishida.

Aeroportda turli hajmdagi samolyotlarni qabul qilish va xizmat ko‘rsatish imkonini yaratish uchun maxsus servis texnikalari yangilanadi. Keytering xizmati, yonilg‘i quyish majmuasi va boshqa qo‘shimcha inshootlar ham quriladi. Yangi terminal kelgusi yil ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Prezident Mirziyoyev aeroport atrofidagi infratuzilmani ham zamonaviy talablarga mos ravishda rivojlantirish zarurligini qayd etdi. Xususan, mehmonxonalar, savdo va ko‘ngilochar majmualar, turli xizmat ko‘rsatish maskanlari barpo etilishi, avtoturargoh va servis obyektlari tashkil qilinishi shartligi alohida ta’kidlandi.

Umuman, Namanganda barpo etilayotgan yangi aeroport va yuk terminali nafaqat turizm va savdo sohasiga, balki butun vodiy iqtisodiyotiga katta turtki berishi kutilyapti.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev Namangandagi yangi aeroport qurilishi bilan tanishdi