date

Tramp Nyu-Yorkda Zelenskiy bilan uchrashishi mumkinligi aytildi

Tramp Nyu-Yorkda Zelenskiy bilan uchrashishi mumkinligi aytildi

Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Tramp kelasi haftada Nyu-York shahrida Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy bilan uchrashish ehtimoli borligi haqida ma’lum qilindi. Bu haqda Tel-Avivda AQSH davlat kotibi Marko Rubio matbuotga aytib o‘tdi.

Ma’lumki, 22–30-sentyabr kunlari BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasi doirasida yuqori darajali yig‘ilishlar haftaligi o‘tkaziladi. Dunyo mamlakatlari yetakchilari ishtirok etadigan ushbu anjuman doirasida turli uchrashuvlar va muloqotlar rejalashtirilgan.

Marko Rubioning ta’kidlashicha, Donald Tramp Ukrainada davom etayotgan urushni to‘xtatish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishga harakat qilmoqda. «U bu mojaroni bartaraf etish yo‘lida qo‘lidan kelgan hamma narsani qilayapti», — dedi davlat kotibi.

Shuningdek, Rubio Trampning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan bir necha marta telefon orqali gaplashganini va Ukraina yetakchisi Zelenskiy bilan bir necha bor yuzma-yuz uchrashganini eslab o‘tdi. «Ehtimol, kelasi haftada Nyu-Yorkda yana bir uchrashuv ham amalga oshadi», — deya qo‘shimcha qildi AQSH diplomatiyasi rahbari.

Shu bilan birga, Ukraina tarafi hozircha Tramp va Zelenskiyning yangi uchrashuvini o‘tkazish imkoniyatini rasman tasdiqlagani yo‘q. Bu esa xalqaro siyosiy maydonda qiziqish va savollarni yanada ko‘paytirmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp Nyu-Yorkda Zelenskiy bilan uchrashishi mumkinligi aytildi