
O‘zbekistonda vatandoshlarga maxsus pasport berish imkoniyati o‘rganilmoqda. "Vatandosh pasporti"ni joriy etish imkoniyatini va xorijiy tajribani o‘rganib chiqishni 25 oktyabr kuni Shavkat Mirziyoyev IIV, TIV, Adliya vazirligi va DXXga topshirgan.
Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida chop etilgan xorijdagi vatandoshlar bilan ishlash bo‘yicha davlat siyosati konsepsiyasida aytilishicha, vatandosh pasporti:
- xorijga chiqqan va chet el fuqaroligini olgan, Vataniga ma’naviy va madaniy nuqtayi nazardan mansublikni his qilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi bilan madaniy-gumanitar, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa aloqalarni rivojlantirishga harakat qilayotgan O‘zbekistondan chiqib ketgan shaxslar va ularning avlodlariga;
- etnik, til va madaniy-tarixiy nuqtayi nazardan o‘zini o‘zbeklar yoki qoraqalpoqlar sifatida identifikatsiya qilgan hamda O‘zbekiston bilan har tomonlama aloqada bo‘lish xohishida bo‘lgan xorijda istiqomat qilayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga berilishi mumkin.
Vatandosh pasporti O‘zbekiston chegarasini vizasiz kesib o‘tish va respublika hududida muddatsiz qolish imkoniyatini berishi mumkin. Vatandosh pasporti to‘laqonli fuqarolik pasporti emas, gap ikki fuqarolik haqida ham ketmayapti. Bunday pasportni ko‘proq AQShda qo‘llaniladigan "grin-kard" xujjatiga o‘xshatish mumkin.
Konsepsiyada,shuningdek, davlat manfaatlariga xizmat qiladigan vatandoshlarga to‘laqonli fuqarolik berish tartibi ham soddalashtirildi.
Xorijiy mamlakatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarga munosabat Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lganidan keyingina o‘zgargan edi. Vatandoshlar bilan aloqalar tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. Ushbu sohada davlat siyosatini takomillashtirish topshirig‘i 2017-2018 yillardagi Davlat dasturiga kiritilgan edi.
Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda AQShga safari chog‘ida ilk marta xorijdagi o‘zbeklar bilan uchrashgan va ularni O‘zbekistonda ishlashga taklif qilgan. Shundan beri O‘zbekistondagi turli davlat tashkilotlari va idoralariga xorijda ishlagan vatandoshlar rahbarlik va maslahatchi lavozimlariga tayinlanib keladi.
So‘nggi paytlarda O‘zbekistondagi vazirlik va idoralarga xorij fuqarolarini ham ishga qabul qilish amaliyoti ko‘paymoqda. Masalan, soliq islohoti loyihasida Gruziya sobiq bosh vaziri Nika Gilauri va Rossiya moliya vazirining sobiq o‘rinbosari Sergey Shatalov ish olib bormoqda.
Iyul oyida Innovatsiya vaziri o‘rinbosari lavozimiga nemis mutaxassisi Karsten Xayns tayinlangan. Oktyabrda esa "Rosatom" korporatsiyasi top-menejeri Vitaliy Dragunov "O‘zatom" agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan edi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar