Majburiy ijro byurosi tizimida aliment undirish bilan bog‘liq ishlar har doim dolzarb mavzulardan biri hisoblanadi. Davlat ijrochilari tomonidan olib borilayotgan tushuntirish va profilaktika choralari natijasida ko‘p hollarda otalar farzandlari manfaati yo‘lida aliment puli o‘rniga turli mol-mulk yoki turar-joylarni hadya qilishni tanlashmoqda.
Bu gal Chimboy tumanida yashovchi ota turli variantlardan ko‘ra o‘zi istiqomat qilayotgan uyini berishni ma’qul ko‘rdi. Uning uyi “Ozg‘ara” OFY hududida joylashgan bo‘lib, 3 xonali turar-joy hisoblanadi.
Holatni batafsil ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, Chimboy tumanlararo fuqarolik ishlari sudi qaroriga asosan, qarzdor J.B.dan uning ikki nafar farzandi ta’minoti uchun har oydagi daromadining 1/3 qismi miqdorida aliment undirilishi belgilangan edi. Sud hujjati MIB Chimboy tuman bo‘limiga kelib tushgach, ijro jarayonlari boshlangan.
Biroq J.B. belgilangan to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmagani sababli uning qarzi 45 million so‘mdan oshib ketgan. Shu bois ijrochilar qarz masalasini hal etish bo‘yicha qator choralarni ko‘ra boshlashdi.
Natijada, undiruvchi tomon joriy yilning 22-sentyabr kuni MIBga ariza bilan murojaat qildi. Unda qarzdor J.B. nomidagi uy 45 million so‘mdan ortiq qarz o‘rniga qabul qilingani, shu sabab farzandlarining 18 yoshgacha bo‘lgan aliment to‘lovlaridan voz kechishini ma’lum qildi. Shundan so‘ng ijro ishlari rasman yakunlandi.
Bu kabi holatlar davlat organlari tomonidan aliment to‘lovlari bo‘yicha nazorat va ta’sirchan choralar samara berishiga yaqqol misol sifatida qayd etilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!