Falastin ma’muriyatini moliyaviy qiyinchilikdan qutqarish maqsadida dunyodagi bir qator nufuzli davlatlar tashabbus ko‘rsatdi. Fransiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Fransiya, Britaniya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlarni o‘z ichiga olgan 12 mamlakat birgalikda donorlar koalitsiyasini shakllantirdi.
Koalitsiyaning asosiy vazifasi — Falastinning moliyaviy barqarorligini ta’minlash, davlat boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatlash va aholiga zarur xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishdir. Bu harakat Isroilning Falastin soliq hamda bojxona tushumlarini ushlab qolishi sabab yuzaga kelgan moliyaviy inqirozga javob sifatida qo‘llanildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, koalitsiya doirasida hozircha kamida 170 million dollar yordam ajratish rejalashtirilgan. Shundan eng katta ulush — 90 million dollar Saudiya Arabistoni hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan mablag‘ esa boshqa davlatlar tomonidan taqdim etiladi.
Shu bilan birga, donorlar koalitsiyasi Isroil hukumatini Falastinga tegishli moliyaviy tushumlarni darhol o‘tkazishga va ma’muriyatning faoliyatiga to‘siq qo‘ymaslikka chaqirdi.
Bugungi kunda 150 dan ortiq davlat Falastin davlatini rasmiy ravishda tan olgan. Bu esa xalqaro miqyosda Falastinni barqarorlashtirish jarayoniga bo‘lgan katta qiziqish va yordam istagini yanada ochiq namoyon etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!