date

Prezident Ismoil Jo‘rabekov xotirasiga chuqur hamdardlik izhor etdi

Prezident Ismoil Jo‘rabekov xotirasiga chuqur hamdardlik izhor etdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 94 yoshida vafot etgan taniqli davlat va jamoat arbobi, irrigatsiya va melioratsiya sohasini rivojlantirishda katta xizmatlar ko‘rsatgan Ismoil Jo‘rabekovning vafoti munosabati bilan hamdardlik izhor etdi.

2025-yil 28-sentyabr kuni olamdan o‘tgan Ismoil Hakimovich Jo‘rabekov uzoq yillar davomida respublikada suv xo‘jaligi tizimi va qishloq xo‘jaligidagi islohotlarni amalga oshirishda ulkan hissa qo‘shgan.

1931-yil 12-sentyabrda Samarqand shahrida tug‘ilgan Jo‘rabekov Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida tahsil olgan. 1955-yilda Pastdarg‘om tumanida muhandis-gidrotexnika sifatida mehnat faoliyatini boshlagan. Keyinchalik “Suvqurilish” tresti rahbari, Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari, Melioratsiya va suv xo‘jaligi vaziri kabi mas’ul lavozimlarda ishlagan.

Shuningdek, u O‘zbekiston Vazirlar Kengashi Raisining birinchi o‘rinbosari, mustaqillikdan keyin esa Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritdi. Jo‘rabekov ijro hokimiyati tizimini shakllantirish, fermerlik harakatini yo‘lga qo‘yish, qishloq xo‘jaligidagi tub islohotlarni amalga oshirishda tashabbuskorligi va tashkilotchilik fazilatlari bilan e’tibor qozondi.

So‘nggi yillarda ham Suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi sifatida yosh kadrlarni tarbiyalash, sohani rivojlantirishda o‘z bilim va tajribasini ayamay keldi.

Uning mehnatlari yuksak taqdirlanib, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati”, “Do‘stlik”, “Fidokorona xizmatlari uchun”, “El-yurt hurmati” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan.

Tanikli davlat arbobi va mehribon ustoz Ismoil Jo‘rabekovning xotirasi xalq qalbida doimo muhrlanib qolishi ta’kidlanmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident Ismoil Jo‘rabekov xotirasiga chuqur hamdardlik izhor etdi