date
views 2 739

Endi nodavlat notijorat tashkilotlarining chet eldan pul olishi ustidan nazorat o‘rnatiladi

Endi nodavlat notijorat tashkilotlarining chet eldan pul olishi ustidan nazorat o‘rnatiladi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Nodavlat notijorat tashkilotlarining chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirig‘iga binoan boshqa shaxslardan pul mablag‘lari va mol-mulk olishni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ bilan kelishish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Nizomga ko‘ra, adliya organi NNT tomonidan chet ellik shaxslardan jami summasi bir kalendar yilda eng kam oylik ish haqining 20 baravarigacha miqdordagi pul mablag‘lari va mol-mulk olinishi nazarda tutilgan hujjatlarni ma’lumot uchun, eng kam oylik ish haqining 20 baravaridan ortiq miqdordagi pul mablag‘lari va mol-mulkni esa — kelishish uchun qabul qiladi.

Chet ellik shaxslardan olinishi mo‘ljallangan pul mablag‘lari va mol-mulk bo‘yicha ma’lumotlarning ishonchliligi va to‘g‘riligi uchun NNT rahbari yoki u vakolat bergan shaxs javobgar hisoblanadi.

Pul mablag‘lari va mol-mulk olishni kelishish uchun NNT tegishliligi bo‘yicha uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan adliya organiga murojaatnoma shakliga muvofiq unda nazarda tutilgan hujjatlar nusxalarini ilova qilgan holda oldindan yozma ravishda yoki o‘rnatilgan tartibda elektron tarzda murojaat qiladi.

Bunda murojaat pul mablag‘lari va mol-mulk olinishi mo‘ljallangan sanadan kamida yigirma kun oldin yo‘llanishi zarur.

Agar chet ellik shaxslardan NNTga ma’lum bo‘lmagan holda uning bankdagi hisobvarag‘iga pul mablag‘i kiritilsa yoki NNTga mol-mulk kelib tushsa, bu haqda NNT xabar topgan yoki xabar topishi lozim bo‘lgan kundan e’tiboran uch kun ichida murojaatnoma shakliga muvofiq unda nazarda tutilgan hujjatlar nusxalarini ilova qilgan holda kelishish uchun adliya organiga murojaat qiladi.

Quyidagi hollarda NNTga chet ellik shaxslardan pul mablag‘lari va mol-mulk ajratilishi:
  • O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida ajratiladigan pul mablag‘larining miqdori va mol-mulk aniq ko‘rsatilganda;
  • normativ-huquqiy hujjatlarida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining devoni, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hujjatlarida nazarda tutilganda;
  • normativ-huquqiy hujjatlar bilan tashkil etilgan respublika komissiyalari va kengashlarining hujjatlarida nazarda tutilganda;
  • davlat tashkilotlari va NNTning o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlarida nazarda tutilganda;
  • xalqaro va chet el nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatxona va filiallariga bosh tashkilotlari tomonidan pul mablag‘lari va mol-mulk ajratilganda;
  • O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 15 noyabrdagi 251-son qarori bilan tasdiqlangan Muruvvat yordami yuklari qabul qilinishi, hisobga olinishi, aniq yo‘naltirilgan tarzda taqsimlanishi va ulardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish tartibi hamda muruvvat loyihalari monitoringi to‘g‘risida nizomga muvofiq muruvvat (insonparvarlik) yordami olinganda ularning olinishi adliya organlari bilan kelishishni talab etmaydi.

Mazkur bandda ko‘rsatilgan asoslarga ko‘ra olingan pul mablag‘lari va mol-mulk haqida ularning olinishidan kamida uch ish kuni oldin NNT murojaatnoma shakliga muvofiq ma’lumotlar hamda murojaatnomada nazarda tutilgan tegishli hujjatlar nusxalarini uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan adliya organiga taqdim qiladi.

NNT tomonidan chet ellik shaxslardan pul mablag‘lari va mol-mulk olinishini kelishish uchun taqdim etilgan hujjatlar adliya organi tomonidan o‘n besh kun ichida ko‘rib chiqiladi.

Hujjatlarni ko‘rib chiqish jarayonida pul mablag‘lari va mol-mulk olinishi bilan bog‘liq o‘zgarishlar bo‘lgan taqdirda, NNT bu haqda adliya organiga bir kun ichida o‘zgarishlar bilan bog‘liq ma’lumotlarni ilova qilgan holda yozma ravishda xabar beradi.

Chet ellik shaxslardan pul mablag‘lari va mol-mulk olinishi bo‘yicha adliya organi tomonidan muddat ko‘rsatilgan holda NNTdan asoslantirilgan tarzda qo‘shimcha hujjatlar so‘ralishi mumkin.

Adliya organi NNT tomonidan kelishish uchun taqdim etilgan hujjatlarning ishonchliligini, ularning qonun hujjatlariga va NNT ustavida (nizomida) belgilangan maqsad va vazifalarga muvofiqligini o‘rganadi.

Adliya organi hujjatlarni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan chet ellik shaxslardan pul mablag‘lari va mol-mulk olinishini kelishish yoki sabablarini ko‘rsatgan holda kelishishni rad etish to‘g‘risida NNTni yozma ravishda yoki o‘rnatilgan tartibda elektron tarzda xabardor qiladi.
Agar mazkur Nizomda belgilangan muddatda adliya organi tomonidan pul-mablag‘lari va mol-mulk olinishini kelishish to‘g‘risida NNTga yozma ravishda yoki o‘rnatilgan tartibda elektron tarzda xabar berilmasa, ularning olinishi adliya organi bilan kelishilgan deb hisoblanadi.

Quyidagi hollarda chet ellik shaxslardan pul mablag‘lari va mol-mulk olinishini kelishish rad etiladi:
  • pul mablag‘lari va mol-mulkni olish O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini zo‘rlik bilan o‘zgartirish, suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga putur yetkazish, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini kamsitish, urush, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirish, fuqarolarning sog‘lig‘i va ma’naviyatiga tajovuz qilishga qaratilgan bo‘lsa;
  • pul mablag‘lari va mol-mulk olinishini kelishish bo‘yicha murojaat mazkur Nizomda belgilangan tartib va muddatga rioya qilinmagan holda taqdim etilgan bo‘lsa;
  • pul mablag‘lari va mol-mulk olinishi qonun hujjatlari va NNT ustavi (nizomi) talablariga zid bo‘lsa;
  • taqdim etilgan hujjatlarda yolg‘on ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lsa;
  • adliya organi tomonidan NNTdan pul mablag‘lari va mol-mulk olinishini kelishish yuzasidan so‘ralgan qo‘shimcha hujjatlar belgilangan muddatda taqdim qilinmasa.

Pul mablag‘lari va mol-mulk olinishini kelishish rad etilganda, NNT rad etishga sabab bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etishi va adliya organiga takroran murojaat qilishi mumkin.

NNT o‘z murojaatini u ko‘rib chiqilguniga qadar va ko‘rib chiqilayotgan vaqtda murojaat yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar qonun hujjatlariga muvofiq qaytarib olish huquqiga ega.

Pul mablag‘lari va mol-mulk olinishini kelishishning rad etilishi ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.

Chet ellik shaxslardan olingan pul mablag‘lari va mol-mulk NNT tomonidan adliya organiga taqdim etilgan hujjatlarda ko‘rsatilgan maqsad va usullarga muvofiq ishlatilishi shart.

Chet ellik shaxslardan olingan pul mablag‘lari va mol-mulk qonun hujjatlariga, NNT ustavida (nizomida) va taqdim etilgan hujjatlarda belgilangan maqsad va usullariga muvofiq ishlatilishi uchun NNT rahbari yoki u tomonidan vakolat berilgan shaxs javobgardir.

NNT ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning so‘roviga binoan chet ellik shaxslardan olingan pul mablag‘lari va mol-mulkdan foydalanilishi yuzasidan ma’lumotlar va tegishli hujjatlarni taqdim etishi shart.

Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Endi nodavlat notijorat tashkilotlarining chet eldan pul olishi ustidan nazorat o‘rnatiladi