
Karantin davrida ko‘plab yangi qoidalar va tartiblar joriy etilayotgani ma’lum. Bu tabiiy ravishda fuqarolar tomonidan huquqiy ma’lumot va maslahatga ehtiyojning ortishiga olib keldi.
Shuni e’tiborga olib, Adliya vazirligi karantin vaqtida fuqarolarning huquqiy maslahatga bo‘lgan ehtiyojini masofaviy tarzda qondirish, shuningdek, aholining huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
1. Huquqiy maslahat boti. Adliya vazirligi tashabbusi bilan Telegram messenjerida @huquqiy_maslahatbot boti ochilib, u orqali fuqarolarning masofadan turib yo‘llagan savollariga huquqiy tushuntirishlar va maslahatlar berib boriladi.

Ushbu telegram boti orqali huquqning har qanday sohasiga oid, jumladan fuqarolik, mehnat, oila, yer, uy-joy qonunchiligi, pensiya va ijtimoiy ta’minot hamda davlat xizmatlari ko‘rsatishga doir qonun hujjatlari yuzasidan murojaat qilish va ma’muriy reglamentlar bo‘yicha savollar yo‘llash mumkin.
Bot orqali kelib tushgan savollarga tezkor va batafsil javob berish maqsadida 100 ga yaqin malakali mutaxassis, shu jumladan, Toshkent davlat yuridik universitetining yuridik klinikasi va “Madad” NNT mutaxassislari jalb qilingan. Kuni kecha ochilgan ushbu botga bir vaqtning o‘zida 500 dan ortiq murojaat kelib tushdi va ular bo‘yicha fuqarolarga tezkor huquqiy maslahatlar berildi.
Bundan tashqari, joylarda ham barcha hududiy adliya organlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda huquqiy maslahat botlari orqali masofadan huquqiy maslahatlar berib kelinmoqda. Bu tadbirlarga qariyb 700 nafarga yaqin malakali adliya xodimi jalb qilingan.
2. Notariuslar maslahati. Fuqarolar uydan turib notariat sohasiga oid savollarga javob olishlarini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi bilan birgalikda telegram messenjerida @notariusmaslahatibot boti tashkil etilgan. Ushbu bot orqali kelib tushgan savollarga javob berish uchun 30 dan ortiq malakali notarius biriktirildi.

O‘tgan bir hafta davomida ushbu bot orqali fuqarolardan kelgan mingdan ortiq savollar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
3. Davlat xizmatlari. Karantin tufayli davlat xizmatlari markazlari ham boshqa adliya organlari va muassasalari kabi maxsus ish rejimiga o‘tganligi sir emas.

Aholi eng ko‘p murojaat qiladigan davlat xizmatlari sohasida qabul qilingan ma’muriy reglamentlarni qo‘llashga doir savollarga javob berib borish maqsadida @davxizmataloqa_bot ishga tushirilib, 30 dan ortiq malakali mutaxassis tomonidan o‘tgan 20 kun davomida ushbu bot orqali kelib tushgan 5000 dan ortiq murojaatlarga javob berildi.
4. “Huquqiy axborot” kanali. Axborot ko‘pligi va xilma-xilligi zamonida to‘g‘ri, aniq va ishonchli manbani topish oson emas. Ayniqsa, bu axborot huquqiy mavzularga doir bo‘lsa.

Adliya vazirligining o‘zbek, rus va ingliz tillarida yuritib kelinayotgan @huquqiyaxborot, @pravoinf va @leginf telegram kanallari qonun hujjatlari mazmunini, shuningdek karantin davrida aholini qiziqtiradigan muhim va dolzarb masalalarni sodda tilda tushuntirib kelmoqda.
Ushbu kanallarda huquqiy masalalar qisqa va sodda tarzda, infografika va boshqa tasviriy vositalardan keng foydalangan holda yoritib boriladi. Shuningdek, u yoki bu masalada professional yuristlar, huquq-tartibot organlarining munosabati taqdim etiladi.
Hozirga qadar ushbu kanallar orqali 10 000 dan ortiq turli huquqiy tushuntirish materiallari tarqatilgan.
5. Brifing va intervyular. Adliya organlarining masofadan turib ishlayotgan barcha xodimlari tomonidan ham aholining huquqiy bilimlarini oshirish uchun kelib tushgan savollar asosida brifinglar va videointervyular tashkil qilinib, televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib kelinmoqda. Karantin davrida mingdan ortiq shunday brifing va videointervyular tashkil qilindi.

6. “Bola huquqlari” sayti. Bugungi kunda maktab ta’limi vaqtincha onlayn shaklga o‘tkazilgani sababli Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan huquqiy-ma’rifiy, ko‘ngilochar-interaktiv “Bola huquqlari” portali (www.bolahuquqlari.uz) asosida bolajonlar hamda ularning ota-onalari uchun juda kerakli va foydali huquqiy bilimlar berib kelinmoqda.

7. “Madad” muassasasi. Karantin vaqtida fuqarolar va tadbirkorlarni qiziqtirgan huquqiy masalalar bo‘yicha zarur tushuntirishlar va maslahatlar berib borish uchun yana bir loyiha samarali tashkil qilinmoqda.

“Madad” – muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkilotiga fuqarolar murojaatlarini masofadan turib yuborishlari, shuningdek, muassasaning huquqiy axborot portali (www.advice.uz) yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali zarur ma’lumotlarga ega bo‘lishlari ham mumkin.
✅ Savollaringizni yo‘llash uchun:
? www.advice.uz huquqiy axborot portalidagi onlayn maslahatchi;
? Telegram-bot: @Madadnnt_bot.
Xulosa qilib aytganda, sinovli va jiddiy o‘zgarishlarga boy ushbu kunlarda har bir fuqaro malakali va bepul huquqiy ma’lumot olish imkoniga ega bo‘lishi kerak. Adliya vazirligi fuqarolarning huquqiy axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va huquqini ta’minlash uchun yuqorida sanab o‘tilgan barcha resurslarining uzluksiz va tizimli ravishda faoliyat yuritishini kafolatlaydi. Asosiysi, shaxsiy muloqotsiz, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda uydan turib xavfsiz tarzda huquqiy ma’lumot olishingiz mumkin.
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing