460
Halolligi tufayli tarixda qolgan inson – misrlik kurashchi nega olimpiada oltin medalini boy bergan edi?
1984 yilda Los-Anjelesda o‘tkazilgan olimpiadaning dzyudo musobaqasi finalida misrlik va yaponiyalik kurashchi o‘zaro bellashadi. Yaponiyalik dyuzdochi bahsga yarim finalda o‘ng oyog‘idan olgan jarohati bilan chiqadi. Misrlik kurashchi raqibining jarohat olgan oyog‘idan chalib, bahsni yutishi va oltin medalga ega chiqishi mumkin edi. Ammo u bunday qilmaydi. Ochkolar hisobida yutqazib, kumush medalni oladi va halol kurashgani uchun butun dunyoga mashhur bo‘ladi.
Banner
Sport tinchlik elchisi va halollik garovi deyilsa ham anchadan buyon u tinchlik elchisi ham, halollik garovi ham bo‘lmay qoldi. Aksariyat hollarda turli sportchilar raqiblari ustidan g‘alaba qozonish uchun har qanday g‘irromlikdan qaytishmayapti.
Ammo ular orasida g‘irrom g‘alabani o‘zi uchun harom deb biladigan sportchilar ham yetarlicha bor va bundaylar har doim qadrlanib kelinadi. Misrlik dyuzdo yakkakurashi ustasi Muhammad Ali Rashvan ana shunday sportchilardan biri bo‘lgan.
1984 yilda o‘tkazilgan yozgi olimpiada o‘yinlarida Rashvan dyuzdo musobaqalarida olimpiada oltin medallarini yutishga juda yaqin kelgandi.
Finalgacha barcha raqiblarini yenggan Rashvan asosiy bahsda raqibining jarohat olgan oyog‘iga bir-ikki marta zarba bersa kifoya – oltin medal naqd edi.
Biroq Rashvan g‘irromlik bilan g‘alaba qozonishni xohlamaydi. U halollik bilan kurashadi va raqibiga ochkolar bo‘yicha yutqazadi. Ana shu ishi ortidan u dunyoga mashhur bo‘ladi.
Foto: elwatannews.com
Muhammad Ali Rashvan
Muhammad Ali Rashvan 1956 yilda Misrning Iskandariya shahrida tug‘iladi. U yoshligidan sportning dyuzdo turi bilan jiddiy shug‘ullanadi va musobaqalarda qatnasha boshlaydi.
Rashvan 16 yoshida Ispaniya va Chexoslovakiyada o‘tkazilgan xalqaro musobaqalarda ishtirok etadi. Keyinchalik u ulg‘ayib o‘ta og‘ir vazn toifasida musobaqalarda qatnasha boshlaydi.
1980-yillar boshida Rashvan dunyoning eng kuchli dyuzdochilaridan biri edi. U 1982 hamda 1983 yillarda o‘tkazilgan Afrika chempionatida og‘ir vazn toifasida chempion bo‘ladi.
1984 yilda AQSHning Los-Anjeles shahrida o‘tkazilgan yozgi olimpiada o‘yinlarida Rashvan muvaffaqiyatli ishtirok etadi. U finalgacha barcha raqiblarini yengadi. Biroq hal qiluvchi bahsda yaponiyalik raqibidan yengilib, kumush medal oladi.
U 1985 va 1987 yillarda dyuzdo bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida kumush medal sohibi bo‘ladi.
Foto: elwatannews.com
Dyuzdo bo‘yicha o‘ta og‘ir vazn toifasi Los-Anjeles olimpiadasidan so‘ng musobaqalardan olib tashlanadi. Bu vazn toifasidagilar og‘irligini kamaytirib, og‘ir vaznga o‘tishga majbur bo‘ladi.
1988 yilda Seulda o‘tkazilgan olimpiada o‘yinlarida ham Rashvan og‘ir muvaffaqiyatli qatnashadi finalda yaponiyalik boshqa bir kurashchidan yengilib, kumush medal oladi.
1992 yilda Rashvan katta sport bilan xayrlashadi va hakamlik qila boshlaydi. Bugun u Misr dyuzdo federatsiyasi a’zosi va dyuzdo bo‘yicha xalqaro hakam hisoblanadi.
Rashvanni mashhur qilgan musobaqa
Sport olamida eng nufuzli sovrin bu – olimpiada oltin medali hisoblanadi. Rashvanning maqsadi ham olimpiada oltin medallarini qo‘lga kiritish edi.
U o‘z faoliyati davomida ko‘plab musobaqalarda g‘olib chiqadi yoki sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritadi. Biroq ular orasida olimpiada oltin medali yo‘q.
Bir marta u olimpiada chempioni bo‘lishga juda yaqin keladi. Biroq yakunda finalda yengilib, kumush medal bilan kifoyalanadi. O‘shanda Rashvan oltin medalni ham qo‘lga kiritishi mumkin edi. Ammo u buni xohlamaydi.
1984 yilda navbatdagi yozgi olimpiada o‘yinlari AQSHning Los-Anjeles shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu olimpiada bir qator sotsialistik lagerga kiruvchi davlatlar sportchilari Moskva-80 olimpiadasiga qilingan boykotga javoban qatnashmaydi.
Olimpiadaning dyuzdo bo‘yicha musobaqalarida jami 8 komplekt medallar uchun bahslar bo‘lib o‘tadi. Yakuniy hisobda dyuzdo vatani hisoblanadigan Yaponiya sportchilari 4 ta, Janubiy Koreya va GFR sportchilari ikkitadan oltin medallarni qo‘lga kiritadi.
O‘shanda eng og‘ir vazda finalgacha barcha raqiblarini yenggan Rashvanda olimpiada oltin medalini qo‘lga kiritish uchun yaxshi imkoniyat yuzaga keladi. Bu uchun u finalda yaponiyalik Yasuxiro Yamasita ustidan g‘alaba qozonsa yetarli edi.
Foto: theolympians.co
Finaldan oldingi vaziyat ham Rashvanning foydasiga bo‘lgan va raqibi yarimfinalda o‘ng oyog‘idan jarohat olgandi. Shu sababli ko‘pchilik Rashvanning osongina g‘alaba qozonishini taxmin qilgandi. Biroq unday bo‘lmaydi.
Yamasita bahsni ehtiyotkorlik bilan boshlaydi. Rashvan esa raqibining jarohat olgan oyog‘idan chalsa, g‘alaba naqd edi. Ammo misrlik sportchi bahs tugaguncha raqibining o‘ng oyog‘iga biron marta ham zarba bermaydi.
Rashvanning murabbiylari, shuningdek sport arenasida bahsni kuzatayotgan muxlislari tinimsiz ravishda «O‘ng oyog‘iga tep, o‘ng oyog‘iga tep», deb baqirishadi. Ammo Rashvan barchani ajablantirib, bu ishni qilmaydi.
Oqibatda, o‘rtaga olimpiada oltin medali tikilgan muhim bellashuvda yaponiyalik sportchi ochkolar hisobiga g‘alaba qozonadi. Rashvan yengiladi va kumush medal bilan kifoyalanadi.
Foto: theolympians.co
Bahs tugagandan so‘ng jurnalistlar Rashvanni o‘rab olib, undan nega imkoniyatdan foydalanmagani va oltin medalni qo‘ldan chiqargani haqida so‘rashadi. U shunday deb javob beradi:
«Mening dinim yarador bo‘lganlarni urishni, jarohatlangan va og‘rib turgan joyga zarba berishni taqiqlaydi. Agar men uning jarohat olgan oyog‘iga tepganimda nogiron bo‘lib qolishi ham mumkin edi. Men o‘rtaga orzum bo‘lgan olimpiada oltin medali tikilganda ham zinhor bunday ishni qilmayman. Bundan tashqari, agar murabbiylarim va muxlislarim aytganiday men raqibimning jarohat olgan oyog‘iga zarba berib g‘alaba qozonganimda bir umr vijdonim oldida qiynalib o‘tardim».
Muhammad Rashvanning ushbu gaplari dunyoning ko‘plab mamlakatlariga ko‘rsatiladi va u mashhur bo‘lib ketadi.
Kurashchining bu mardona ishi va halolligi dunyo bo‘ylab ovoza bo‘lar ekan, dunyodagi ko‘plab insonlar Islom dinini qabul qilishadi.
O‘sha yili xalqaro Fairplay sovrini qo‘mitasi Rashvanni yil sportchisi deb e’lon qiladi.
Keyinchalik, Muhammad Rashvan Yaponiyaga borganida uni yuksak darajali mehmon sifatida kutib olishadi. Halollikni nihoyatda qadrlaydigan yaponlar uning mardligiga tan berishadi.
Foto: arabnews.jp
2013 yilda Rashvan xalqaro dyuzdo federatsiyasining Shuhrat zaliga kiritiladi. Shuhrat zali ro‘yxatiga Rashvandan boshqa yana 29 nafar kurashchi kiritilgan.
2019 yilda Yaponiya hukumati Muhammad Rashvanni kunchiqar yurtining yuksak darajadagi ordeni bilan taqdirlaydi. Ordenni Yaponiyaning Misrdagi elchixonasida tantanali tarzda topshirishadi.
Foto: arabnews.jp
Rashvanning Yaponiya oliy mukofotini olganini eshitgan eski raqibi Yaxusiro Yamasita qo‘ng‘iroq qilib uni tabriklaydi va shunday deydi:
«Rashvan – sen dyuzdo olamidagi eng hurmatga sazovor insonsan».
Foto: alamy.com
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Manba: Kun.uz
Muhammad Ali Rashvan1, Misrlik dzyudochi1, Olimpiada1, Kumush medali1, Shuhrat zali1, Yaxusiro Yamasita1 “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi