date

Xabi Alonso "Liverpul"ga qarshi o‘yindan oldin dadil bayonot berdi

Xabi Alonso "Liverpul"ga qarshi o‘yindan oldin dadil bayonot berdi

Madridning “Real” jamoasi bosh murabbiyi Xabi Alonso Chempionlar Ligasining 4-turi doirasida “Liverpul”ga qarshi kechadigan muhim uchrashuv arafasida jurnalistlar bilan fikr almashdi. Uning ta’kidlashicha, jamoa bu bahsda faqat himoyada o‘tirib qolmasligi, aksincha, o‘yinni nazorat qilish va o‘z so‘zini ayta olishi kerak.

“Biz shunchaki orqaga chekinib kuta olmaymiz. Darhol tashabbusni qo‘lga olishimiz, jasorat va xarakter ko‘rsatishimiz lozim. Chempionlar Ligasi bu — sinov maydoni, bu yerda har bir daqiqa muhim. Biz keyingi bosqichga chiqish uchun aniq qadam tashlashimiz kerak”, — dedi Alonso matbuot anjumanida.

Murabbiy shuningdek, raqib haqida ham fikr bildirdi: “Kimdir ‘Liverpul’ hozir yaxshi o‘ynamayapti’, deydi. Biroq shu narsani esdan chiqarmaslik kerak — o‘tgan mavsum ham PSJ haqida shunday fikrlar bo‘lgandi, lekin ular keyin Yevropa sahnasida o‘z so‘zini aytdi. Katta jamoalar hech qachon tez taslim bo‘lmaydi”.

Alonsoga ko‘ra, “Real” futbolchilari bu kecha nafaqat texnik, balki ruhiy jihatdan ham tayyor bo‘lishi lozim. “Liverpul”ning “Enfild”dagi muhiti butun Yevropada mashhur va u yerda har bir jamoa bosimni his qiladi. “Biz shunday sharoitda ham o‘z o‘yinimizni namoyon qilishimiz kerak”, — dedi u.

Ma’lumot uchun, “Liverpul” va “Real” o‘rtasidagi uchrashuv 4-noyabrdan 5-noyabrga o‘tar kechasi, Toshkent vaqti bilan soat 01:00 da “Enfild” stadionida start oladi. Muxlislar bu kechani Yevropadagi eng qiziqarli bahslardan biri sifatida kutishmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xabi Alonso "Liverpul"ga qarshi o‘yindan oldin dadil bayonot berdi