
“Arsenal” bosh murabbiyi Mikel Arteta Liga Kubogi chorak finalining belgilab berilgan sanasidan qattiq norozilik bildirdi. Jamoa 23-dekabr kuni “Kristal Pelas” bilan o‘ynaydi, bu esa “Everton”ga qarshi safar bahsidan atigi ikki kun o‘tgach bo‘ladi.
Ispaniyalik murabbiyning ta’kidlashicha, bunday jadval futbolchilar uchun juda og‘ir va jarohatlar soni ko‘payishi xavfini oshiradi.
“Bizda yettita futbolchi safdan chiqqan. Shunday holatda tarkib kengligi haqida gapirishning ma’nosi yo‘q. Hujum chizig‘ida ayniqsa katta yo‘qotishlar bor. Agar har uch kunda o‘yin bo‘lsa, bu nafaqat jamoa, balki butun Angliya futboli uchun xavfli. Biz hurmat va adolatli munosabatni xohlaymiz”, — dedi Arteta.
Uning fikricha, asosiy masala — barcha klublar uchun teng imkoniyat yaratishda: “Birinchi navbatda futbolchilar sog‘ligi, keyin muxlislar manfaati, keyin esa barcha jamoalar uchun bir xil sharoit bo‘lishi lozim. Umid qilamanki, Liga qaror chiqararkan, shularni hisobga oladi”.
Arteta so‘zlariga ko‘ra, “Arsenal” so‘nggi haftalarda juda ko‘p o‘yin o‘tkazdi va bu og‘ir grafikda har bir o‘yinchida jismoniy hamda ruhiy charchoq yig‘ilayapti. “Bu taqvimda xatto eng kuchli futbolchilar ham uzoq vaqt bir xil tempda o‘ynay olmaydi. Biz shunchaki dam olish uchun emas, sog‘liqni asrash uchun gapiryapmiz”, — deya ta’kidladi u.
Shunday qilib, “to‘pchilar” uchun dekabr oyi haqiqiy sinov bo‘lishi kutilmoqda. Bir tomondan Liga Kubogi, ikkinchi tarafdan Premer-liga o‘yinlari, shuningdek, Yevropadagi raqobat — bularning barchasi Arteta jamoasini jiddiy sinovdan o‘tkazadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!