Foto: IAN MACNICOL/GETTY IMAGES
Nemislar overtaymda penalti tepish o‘rniga so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib yubordi. Ispanlar 12 yil ichidagi ilk sovringa yaqinlashdi.
Ispaniya – Germaniya 2:1
Gollar: 1:0 – 51 Olmo, 1:1 – 89 Virts, 2:1 – 119 Merino.
Ispaniya – Unai Simon, Karvahal, Laport, Le Norman (Nacho, 46), Kukurelya, Fabian Ruis (Hoselu, 102), Rodri, Pedri (Olmo, 8), Uilyams (Merino, 80), Yamal (Ferran Torres, 63), Morata (Oyarsabal, 80).
Germaniya – Noyer, Ryudiger, Ta (Myuller, 80), Raum (Mittelshtedt, 57), Kroos, Gundo‘g‘an (Fyullkrug, 57), Jan (Andrih, 46), Kimmih, Haverts (Anton, 90), Sane (Virts, 46), Musiala.
Ogohlantirishlar: Ryudiger (13), Raum (28), Le Norman (29), Andrix (56), Kroos (67), Mittelshtedt (73), Ferran Torres (74), Unai Simon (82), Shlotterbek (90), Virts (94), Karvahal (100), Rodri (110), Undav (113), Morata (120+1), Fabian Ruis (120+1).
Chetlatish: Karvaxal (120+5)
Ispaniya va Germaniya Yevro chorakfinalida o‘ynashi ma’lum bo‘lganida, muxlislar bu uchrashuvga «finaldan oldingi final» yorlig‘ini yopishtirishdi. Chindan ham, ispanlar va nemislar — turnir g‘olibligi uchun asosiy favoritlar bo‘lib turgandi va ularning o‘zaro to‘qnashuvi muxlislarga sifatli futbol va’da qilayotgandi. Yakunda muxlislarning bu ishonchi to‘liq oqlandi desa ham bo‘ladi.
Ispanlar bosh murabbiyi Luis de la Fuente 1/8 finalda o‘ynagan tarkibni o‘zartirmadi. Yulian Nagelsman esa o‘zgarishlar qildi: Germaniyaning boshlang‘ich tarkibida Emre Jan va Jonatan Ta harakatlandi. O‘yinning starti «hech kimga rahm-shafqat yo‘q» shiori ostida o‘tdi. Asosiy qahramon esa Toni Kroos edi: avvaliga Pedrini qo‘pollik bilan qarshi oldi, keyin esa vinger Lamin Yamalning oyoqlarini bosib oldi.
Ispanlar yarimhimoyachisi gazonga quladi va yig‘lab yubordi. U jiddiy jarohat olgandi va sakkizinchi daqiqadayoq majburan almashtirildi. Uning o‘rniga maydonda Dani Olmo paydo bo‘ldi. Bosh hakam Entoni Teylor esa bu epizodlar uchun Kroosga hatto sariq kartochka ham ko‘rsatmadi va bu o‘yin haroratini oshirib yubordi. Birinchi bo‘lim davomida uch futbolchi ogohlantirildi: Antonio Ryudiger, David Raum va Roben Le Norman.
O‘yinning o‘zi esa u qadar yorqin kechmadi. Jamoalar vaziyatlar yaratdi, ammo u qadar xavfli chiqmadi. Kay Haversda gol urish uchun imkoniyat yuzaga kelgandi, ammo Unay Simon forvardning bosh bilan yo‘llagan zarbasidan keyin seyv ijro etdi. Lamin Yamalning jarima maydoni ichidan yerlatib bergan zarbasi esa biroz xato ketdi. Bo‘lim oxirida Olmo o‘z vaziyatidan foydalana olmadi: uning 25 metr masofadan yo‘llagan zarbasini Noyer qaytardi.
Birinchi bo‘limda to‘pga egalik qilish bo‘yicha ko‘rsatkich ham deyarli teng edi — Ispaniya foydasiga 51 foizga 49. Boshqacharoq raqamlar yuzaga kelishi kutilgandi, ammo nemislar ham to‘pni nazorat qilishga e’tibor qaratdi. Ispanlarning to‘pni olib qo‘yish uchun qilgan pressinglari esa doim ham ish bermadi, qarshi hujumlar ham o‘xshamadi. Germaniya raqibga asosiy ustunliklaridan foydalanishga yo‘l qo‘ymadi, ammo o‘zidagi vaziyatlar ham minimumgacha tushdi.
Nagelsman tanaffusda tarkib tanlashdagi xatosini tushunib yetib, almashtirishlar qildi. Sane o‘rniga Virs, Jan o‘rniga Andrih tushdi. Ammo bu Germaniyadan ko‘ra Ispaniyaning foydasiga bo‘lib chiqdi. 51-daqiqada Yamal jarima maydonining o‘ng burchagidan to‘pni markaz tomon uzatdi, bu hududda Jan yo‘qligi bilindi, Olmo esa to‘pga bir teginishda Noyer darvozasini ishg‘ol etdi.
O‘tkazib yuborilgan goldan keyin Germaniya oldinga tashlandi. Jamoa o‘z maydonlarida o‘tayotgan Yevroni chorakfinaldayoq tark etishga ko‘na olmasdi. Avvaliga Germaniyaning xavfli vaziyat yaratishga urinishlari o‘xshamadi. Ammo 69-daqiqada nemislar yaxshi vaziyat yaratishdi: avvaliga Fyullkrug to‘pni qabul qilib, o‘zidan qulayroq pozitsiyada turgan Andrihga uzatdi. Robert zarba berdi, ammo Simon qutqardi.
Bir necha daqiqadan keyin yana bir yaqqol vaziyat yuzaga keldi. Virs jarima maydoni markazidagi Fyullkrugni to‘p bilan ta’minladi, Niklas esa ustunni poyladi. 82-daqiqada esa darvozabon Unay Simon Germaniyaga yana bir xavfli vaziyat tortiq qildi. U to‘pni uzoqlashtirishda xatoga yo‘l qo‘ydi — to‘p Haversga kelib tushdi. Ammo forvardning shoshilib yo‘llagan zarbasi to‘sin ustidan o‘tib ketdi.
Va baribir Germaniya javob golini ura oldi. O‘yinning oxirgi qismida uyushtirilgan shturm darvoza ishg‘ol etilishi bilan yakunlandi: Mittelshtedtning zarbasi ustundan qaytdi, Kimmih havodagi kurashda to‘pga ega chiqib, uni Virsga tashlab berdi, Florian esa bitta harakat bilan uni darvoza to‘riga joyladi — 1:1.
Qolgan daqiqalarda Germaniya yana bir gol urib g‘alabani ilib ketishi mumkin edi. Tomas Myullerda qulay vaziyat bo‘ldi, ammo 34 yoshli hujumchining zarbasidan keyin to‘p to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi va jamoalar overtaymlarga taklif etildi. Bu vaqtga kelib Ispaniya bosh murabbiyi de la Fuente hujum chizig‘ini to‘liq almashtirib yuborgandi. Masalan, Morataning o‘rniga tayanch yarimhimoyachisi Merino tushirilgandi.
Qo‘shimcha bo‘limlarda o‘yindagi tezlik pasaydi. Lekin birinchi ekstra-taymda jamoalarda xavfli zarbalar bo‘ldi. Avvaliga Oyarsabalning zarbasidan keyin to‘p ustun yonidan o‘tib ketdi, keyin esa Virsda xuddi shunday holat takrorlandi.
Ikkinchi ekstra-taym startida esa Musialaning zarbasidan keyin to‘p jarima maydoni ichidagi Mark Kukurelyaning qo‘liga tegdi, ammo hakam Teylor penalti belgilamadi va videotakrorga ham murojaat etmadi. Katta ehtimol bilan, angliyalik arbitr himoyachining qo‘li tabiiy holatda turgandi deb topdi, qolaversa bu holatda himoyachi qo‘lini o‘z tanasi tomon tortayotgandi.
117-daqiqada esa Fyullkrug murakkab vaziyatda to‘pga bosh bilan zarba berib, ispanlarning asabini sinovdan o‘tkazdi. Ammo Unay Simon bu xavfni bartaraf etdi. Barcha penaltilar seriyasiga tayyorlanayotgandi, ammo 119-daqiqada Dani Olmo to‘pni Germaniya jarima maydoniga yetkazib berdi, Mikel Merino esa barchadan baland sakrab, boshi bilan Noyer darvozasiga g‘alaba golini urdi. 2:1! Butun stadion va nemislar jamoasi shok holatida qoldi.
Qolgan daqiqalarda ham Germaniya shturm uyushtirdi, ammo golga ispanlar yaqinroq keldi. Ferran Torres yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi, ammo Noyerni alday olmadi. So‘nggi hujumlardan birida Fyullkrug yana bosh bilan xavfli zarba berdi — to‘p ustun yonginasidan o‘tib ketdi. So‘nggi soniyalarda Dani Karvahal ikkinchi sariq kartochka evaziga Musialani jarima maydoni atrofida yiqitganida nemislarda yana bir imkoniyat bo‘lgandi. Ammo Kroosning uzatmasidan keyin to‘p Simonning qo‘llariga kelib tushdi. Shu bilan tugadi.
Germaniya o‘z uyidagi Yevrodagi ishtirokini chorakfinaldayoq to‘xtatdi. Toni Kroosning faoliyatidagi so‘nggi o‘yin maksimal darajada dramatik kechdi. U bilan birga, katta ehtimol bilan Noyer, Myuller va Gundo‘g‘an ham faoliyatidagi so‘nggi yirik turnirni o‘tkazdi.
Ammo Germaniya bu turnirdagi ishtiroki uchun uyalmasa ham bo‘ladi. Shunchaki Ispaniya hozirda juda kuchli va so‘nggi 12 yillikdagi ilk sovrini tomon ketmoqda.
Fransiya birorta gol urmasdan yarimfinalga yetib keldi
Portugaliya — Fransiya 0:0
Penaltilar seriyasi — 5:3.
Portugaliya – Koshta, Kanselu (Semedu, 74), Pepe, Diash, Mendesh, Fernandesh (Konseysau, 74), Bernardu Silva, Palinya (Ruben Nevesh, 90+2), Vitinya (Nunesh, 119), Leau (Feliks, 106), Ronaldu.
Fransiya – Menyan, Kunde, Upamekano, Saliba, Ernandes, Kante, Chuameni, Kamavinga (Fofana, 91), Grizmann (Dembele, 67), Mbappe (Barkolya, 106), Kolo-Muani (Tyuram, 86).
Ogohlantirishlar: Palinya (79), Saliba (84).
Ispaniya va Germaniya juftligi bilan solishtirganda, muxlislar Fransiya — Portugaliya qarama-qarshiligidan shiddatli to‘qnashuv kutmayotgandi.
Ikki jamoa tarkibi ham yulduzlarga to‘la ekaniga qaramay, ularning aynan hujum chizig‘i borasida savollar yig‘ilib qolgan. Fransuzlar bu Yevroda hali biror marta o‘yindan o‘z kuchi bilan gol urolmadi (avtogol — «Uchranglilar»ning eng yaxshi to‘purari). Dide Desham muntazam ravishda o‘z forvardlarining joylashuvlarini o‘zgartirmoqda, u bu safar ham shu ishni takrorladi — hujum markaziga Mbappega sherik sifatida Kolo Muani qo‘yildi, ularning ortid — Grizmann harakatlandi. Qolgan pozitsiyalarda — syurprizlar yo‘q.
Roberto Martinesga esa bitta savol bor edi, ammo bu jiddiyroq savol — u Sloveniyaga qarshi muvaffaqiyatsiz harakatlangan Ronalduni yana maydonga tushiradimi? Ammo u bunga jazm etmadi — vaziyatlardan foydalana olmagan Krishtianu ham, o‘yin oxirlarida qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygan 41 yoshli Pepe ham yana boshlang‘ich tarkibda paydo bo‘ldi. Kimdir buni qo‘rqoqlik deb atashi, kimdir — sog‘lom aqlga tayangan qaror deyishi mumkin. Nima bo‘lganda ham, portugaliyaliklar sardori o‘z obro‘sini tiklashi va o‘zi jamoa uchun ortiqcha yukka aylangani haqidagi gaplarga chek qo‘yishi talab etilardi.
Birinchi bo‘limni jamoalar kutilganidek ehtiyotkorlik bilan o‘tkazishdi. Ikki jamoa ham hujumga o‘tishga shoshilmasdan, to‘pni maydon markazida tartib bilan harakatlantirib, faqat ayrim holatlarda vaziyatni keskinlashtirish uchun tavakkalchilikka qo‘l urdi.
Fransuzlar faolroq boshlagandi, ammo 15-daqiqadan keyin tempni pasaytirib, bo‘lim o‘rtalaridan umuman sust harakat qilishga o‘tdi. Bo‘lim davomida esda qolarli yaqqol vaziyatlar bo‘lmadi.
Portugallar chap qanot orqali oldinga o‘tishga harakat qildi, ammo Nunu Mendesh va Rafael Leau ham xavfli vaziyatlar yarata olmadi — Krishtianu esa ko‘p holatlarda jamoa o‘yinidan ajralib qoldi. Bo‘lim davomida ikki tomondan birgina zarba darvoza sohasiga to‘g‘ri borgani ham bo‘lim qanday o‘tganini ifodalaydi.
Tanaffusdan keyin o‘yin nihoyat jonlana boshladi. Dastlab Portugaliya o‘yinini kuchaytirdi — Kamavinga Leauning reydini to‘xtatishga bazo‘r ulurdi. Keyin Kanselu jarima maydoni ichida Bernardu Silvani qulay vaziyatga chiqardi, ammo zarba Menyan tomonidan qaytarildi. Bir daqiqa o‘tib fransuzlar darvozaboni yana bir bor qutqarishiga to‘g‘ri keldi — bu safar bir hujumning o‘zida ikki bor (avvaliga Vitinyaning zarbasini, keyin Ronaldu o‘tkir burchakda turib tovoni bilan yo‘llagan zarbani).
Dide Desham Grizmann o‘rniga Dembeleni tushirdi. Usmon darhol jamoa o‘yiniga tetiklik va keskinlik baxsh etib, o‘ng qanotda raqib himoyachilarini qiyin ahvolga tushirib qo‘ya boshladi — o‘zi ham xavfli zarba berdi, Mbappeni qulay vaziyatga chiqardi, ammo fransuzlarning zarbalari yoki xato ketdi, yoki to‘g‘ri Diogu Koshtaga bordi. O‘yin oxirida Tyuram darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketishi mumkin edi, ammo 41 yoshli Pepedan qochib keta olmadi. Umuman olganda, ikkinchi qirq besh daqiqalikda ikki jamoa ham jonliroq o‘yin namoyish etdi, ammo bu hisobni ochish uchun yetarli bo‘lmadi.
Overtaymlardan birinchisi boshida Konseysauning ajoyib reydi va uzatmasidan so‘ng Ronaldu qulay vaziyatdan foydalana olmadi.
Lekin qo‘shimcha bo‘limlarni jamoalar penaltilar seriyasiga yetib borish maqsadida o‘ynayotgandek o‘tkazishdi. Portugallar to‘pga egalik qildi, ammo vaziyatlarni deyarli keskinlashtirishmadi, fransuzlar esa himoyada o‘tirdi, bu kartina ikki tomonni ham qoniqtirardi.
E’tiborli holat bo‘limlar oralig‘idagi qisqa tanaffus vaqtida ro‘y berdi — Mbappe o‘zini almashtirishni so‘radi va uning o‘rniga Barkolya tushdi. Bundan biroz oldinroq to‘p rikoshet bo‘lib kelib, uning boshiga tekkandi. Natijada fransuzlar penaltilar seriyasiga qarab ketayotgan o‘yinda shtatdagi penaltichisi va sardorsiz qolishdi.
Portugaliya safida ham almashtirish amalga oshirildi — shu kuni o‘yini chiqmagan Rafael Leau o‘z o‘rnini Joau Feliksga bo‘shatib berdi va u to‘pga ilk teginishidayoq bosh bilan zarba berdi, ammo qulay pozitsiyadan yo‘llangan zarba darvoza sohasiga to‘g‘ri bormadi. Oxirgi daqiqalarda esa Nunu Mendesh jarima maydoni ichida bo‘sh qoldirildi, u qulay pozitsiyadan turib o‘yin taqdirini hal qilishi mumkin edi, ammo uning zarbasi kuchsiz chiqdi va Menyan to‘pni osonlik bilan egallab oldi — muxlislar bu o‘yinda gol ko‘ra olishmadi.
O‘yindan keyingi seriyada esa Dembele ilk zarbani aniq amalga oshirdi. Uning ortidan Ronaldu ham o‘z ishini to‘g‘ri bajardi. Umuman olganda, seriyada deyarli barcha ijrochilar o‘z urinishlarini juda ishonchli bajarishdi. Faqat Feliksning kuchli zarbasi ustunni titratdi va u kecha antiqahramoniga aylandi. Undan keyin nuqtaga kelgan fransuzlar xato qilishmadi va Teo Ernandes Fransiyani yarimfinalga olib chiqdi.
Katta ehtimol bilan, bu Krishtianu Ronaldu va Pepe uchun oxirgi yirik turnir bo‘lib qoldi.
Bir necha kundan keyin Ispaniyaga qarshi Yevropa klassikasi bo‘lib o‘tadi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Metabolizm sekinlashganining belgilari