Bugun, 14 sentyabr — Angliyadagi nufuzli Jahon chempionatining hal qiluvchi va eng mas’uliyatli kuni. Liverpul shahrida kechadigan final ringlarida O‘zbekiston milliy boks jamoasining yetti nafar yigit-qizi medallar uchun bahsga kirishadi. Bu holat barcha sport ixlosmandlari uchun katta intizorlik va kuchli hayajon uyg‘otmoqda.
Kunning dastlabki hal qiluvchi to‘qnashuvida Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev braziliyalik tajribali raqib — Yuri Reisga qarshi oltin medal uchun bellashadi. Bu jang barcha final sinovlariga start berishi bilan yanada ahamiyatli ahvol kasb etadi.
Shuningdek, Javohir Ummataliyev Fransiya vakili Yojerlen Sezarga qarshi maydonga chiqadi. To‘rabek Habibullayev ham o‘zini kutgan mas’uliyatli bahsda braziliyalik Isayas Ribeiroga qarshi ringga ko‘tariladi.
Ayollar o‘rtasida Navbahor Hamidova Qozog‘iston vakili Aida Abikeevaga qarshi jiddiy sinovdan o‘tadi. Shu bilan birga, Abdumalik Xalokov braziliyalik Luiz Oliveyra bilan, Akmaljon Isroilov esa ingliz sportchisi Teagn Stottga qarshi kuch sinashadi. Kecha yakunidagi eng yirik va so‘nggi bellashuvda Jahongir Zokirov qozog‘istonlik Oybek Oralbayga qarshi oltin medal uchun bahs qiladi.
Final janglari vaqti quyidagicha belgilangan:
-65 kg: Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev – Yuri Reis (Braziliya) 17:15
-80 kg: Javohir Ummataliyev – Yojerlen Sezar (Fransiya) 17:45
-90 kg: To‘rabek Habibullayev – Isaias Ribeiro (Braziliya) 18:00
-60 kg: Abdumalik Xalokov – Luiz Oliveyra (Braziliya) 22:15
-65 kg: Navbahor Hamidova – Aida Abikeeva (Qozog‘iston) 22:30
-85 kg: Akmaljon Isroilov – Teagn Stott (Angliya) 23:15
+90 kg: Jahongir Zokirov – Oybek Oralbay (Qozog‘iston) 23:45
Ayni damda umumjamoaviy medallar jamg‘armasida O‘zbekiston terma jamoasi bir oltin va uchta bronza bilan 3-o‘rinni egallab turibdi. Hindiston (1 oltin, 1 kumush, 1 bronza) hamda Polsha (1 oltin, 1 kumush) esa peshqadamlar safidan o‘rin olgan.
Ma’lumot uchun, kuni kecha Fazliddin Erkinboyev O‘zbekiston hisobiga birinchi oltin medalni keltirdi. Ungacha ayollar o‘rtasidagi bahslarda 3ta bronza qo‘lga kiritilgan edi.
Shubhasiz, bugungi finallar nafaqat medallar taqdiri, balki butun mamlakat uchun g‘urur va quvonch kunlaridan biriga aylanishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!