date

Bo‘stonliqda 3,3 ming metrlik osma dor yo‘li quriladi

Bo‘stonliqda 3,3 ming metrlik osma dor yo‘li quriladi

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida turizm sohasi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 sentyabr kuni hududda amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma va turizm loyihalari bilan yaqindan tanishdi, deb xabar berdi Prezident matbuot xizmati.

So‘nggi yillarda Bo‘stonliqda turizm imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida katta ishlar amalga oshirildi. Amirsoy, Chinorkent, Chorvoq darvozasi kabi ulkan majmualar, zamonaviy mehmonxonalar va dam olish markazlari ishga tushirilib, yilning to‘rt faslida maroqli sayohat qilish uchun qulay muhit yaratildi. Endi esa bu ro‘yxatga “Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurorti ham qo‘shiladi.

Fransiyaning MND kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan mazkur loyiha uchun 1278 gektar maydon ajratilgan. Loyiha doirasida zamonaviy mehmonxonalar, restoranlar va dengiz sathidan 3300 metr balandlikkacha osma dor yo‘li quriladi. Bu inshoot nafaqat qish faslida chang‘i va snoubord sporti uchun, balki yilning qolgan oylarida ham tog‘ sayyohligi va turli ko‘ngilochar hordiq turlarini amalga oshirish imkonini beradi.

Prezident yangi qurilayotgan 6 qavatli mehmonxona bilan ham tanishdi. Mazkur inshoot 320 nafar sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, yil davomida o‘rtacha 45 ming turistga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 7 va 5 qavatli apart-otellar, 7 qavatli mehmonxona va 2 qavatli restoran qurilib, xizmatlar sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish belgilangan. Yil davomida bu maskanlar 54 mingdan ziyod mehmonni qabul qila oladi. Majmuada 100 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratilishi nazarda tutilgan.

Ayni paytda 6 ta shale qurilishi ham davom etmoqda. Davlat rahbari bu kabi majmualarda zamonaviy xizmat ko‘rsatish, xodimlarning malakasini oshirish va ilg‘or tajribalarni joriy etish zarurligini qayd etdi. Shuningdek, hudud imkoniyatlarini turizm platformalarida keng targ‘ib qilish, mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb etish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Turistlar uchun qulaylik sifatida 300 ta avtomobilga mo‘ljallangan turargoh ham qurilmoqda. Uning birinchi qavatida restoran, bolalar maydonchasi va savdo nuqtalari joylashgan bo‘lib, bu tashrif buyuruvchilar uchun xizmatlarni bir joyda taqdim etish imkoniyatini yaratadi.

Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, kurort tarkibida avtomobil yo‘lida tunnel ham barpo etilgan. Uzunligi 1450 metr bo‘lgan mazkur yo‘l qismi, ikki ko‘prik va piyodalar yo‘laklari transport harakatini yengillashtirib, xavfsizlikni ta’minlaydi. Tunnel orqali soatiga 500 dan ortiq avtomashinalar bemalol harakatlanishi mumkin.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, zamonaviy yo‘llar qurilishi hududning turizm salohiyatini to‘liq ishga solish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi. Shu bilan birga, tabiat musaffoligini asrab-avaylash, sayyohlar va mahalliy aholida ekologik madaniyatni oshirish masalasi ham muhim yo‘nalish sifatida belgilab qo‘yildi.

Yangi kurort va infratuzilmalar tufayli Bo‘stonliqda minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi, aholi uchun barqaror daromad manbai paydo bo‘ladi. Turistlarga eng zamonaviy xizmatlar ko‘rsatilib, mamlakatga tashrif buyuruvchi sayyohlar soni sezilarli darajada oshishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Bo‘stonliqda 3,3 ming metrlik osma dor yo‘li quriladi