Ikkinchi yengil vazn toifasida sobiq jahon chempioni, hamyurtimiz Murodjon Ahmadaliyev 14-sentyabr kuni Yaponiyaning Nagoya shahrida mutlaq chempionlik kamari uchun juda muhim jangga chiqishi belgilangan. Uning raqibi – jahonning eng kuchli bokschilaridan biri sifatida e’tirof etilayotgan Naoya Inoue hisoblanadi.
Salaryleaks nashri tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, mazkur jangning umumiy mukofot fondi 20 million dollarni tashkil qiladi. Ta’kidlanishicha, ushbu mablag‘dan Inouening ulushi 75 foizni tashkil etadi, Ahmadaliyev esa qolgan 25 foiz qismini qo‘lga kiritadi.
Yaponiyalik superstar 15 million dollar kafolatlangan haq oladi. Bundan tashqari, u taxminan yana 4 million dollar miqdorida bonuslar bilan taqdirlanishi kutilyapti.
Murodjon Ahmadaliyev esa ushbu jang uchun 5 million dollarlik to‘lovga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, u PPV (to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘lovli translyatsiya)dan 1 million dollardan ortiq ulush olishi ham mumkin.
Shu tariqa, hamyurtimiz Inouega qarshi jangdan umumiy hisobda 6 million dollarga yaqin daromad qiladi. Bu esa Ahmadaliyevning bokschilik faoliyatidagi eng katta gonorar sifatida tarixga kiradi.
Muxlislar uchun eng muhim jihati – bu jang nafaqat chempionlik kamarlari, balki Murodjonning karerasidagi yangi bosqich uchun ham hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!