Superligada 23-tur o‘yinlari davom ettirildi. "Navbahor" jamoasi bu tur safarda "Olimpik"g qarshi bahs olib bordi va 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Bellashuvdan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Sergey Lushchan matbuot anjumanida ishtirok etdi va o‘yin haqida quyidagi fikrlarini bildirdi.
"Kutilmalarimizning barchasi ro‘y berdi. Raqib juda ambitsion jamoa. Iqtidorli futbolchilari ko‘p. Bunday jamoalarga qarshi o‘ynash qiziqarli, ammo oson emas. Bunday jamoalarga qarshi himoyalanish qiyin. Yoshlar tezkor va harakatchan bo‘lishadi va shu sababli tajribali futbolchilar ularga qarshi o‘ynashda biroz qiynalishadi. Tan olishimiz kerak, bizning futbolchilarimiz ancha tajribaliroq. Natija adolatli bo‘ldi deb o‘ylayman. Biz g‘alaba qozondik va men natijadan qoniqdim", - deya fikr bildirdi bugungi uchrashuv haqida Sergey Lushchan.
- "Olimpik" jamoasining futbolchilari tezkor, markaziy himoyachilaringiz Jokich va Ahmedov esa tezligi past va sekin futbolchilar. Shuningdek, raqib bugun yetarlicha vaziyatlar yarata oldi. "Navbahor" markaziy himoyachilarining o‘yinidan qanchalik ko‘nglingiz to‘ldi?
- Men aytib o‘tganimdek, ular tezlik va harakatchanlik tufayli o‘yinning bir qismida maydon markaziga egalik qilishdi. Biroq men markaziy himoyachilarimizdan raqib tezlik tufayli qochib ketgan vaziyatni ko‘rmadim, to‘g‘risi.
- "Olimpik" futbolchisi Bozorov birinchi bo‘limda qanotdan hujumchi o‘tayotgan chog‘ida Ahmedov qoidabuzarlik orqali hujumchini to‘xtatib qoldi-ku.
- U vaziyatda pozitsiyalar almashinuvi bo‘layotgan edi. Shu sababli bunday vaziyatga yo‘l qo‘yildi. Bu tabiiy hol. Har bir jamoada bunday holatlar bo‘lib turadi. Raqibimiz 2-3ta imkoniyatga ega edi. Men hali "Olimpik" raqibdan bir bosh past bo‘lib o‘ynaganini ko‘rmadim.
- Kubok finalidan so‘ng jamoada qandaydir motivatsiya qoldimi? Hozir jamoa oldida aniq bir maqsad yo‘q. Bunday holatda futbol o‘ynash uchun kuch topa olish qanchalik qiyin bo‘lmoqda?
- Motivatsiya yo‘q deya olmayman. Mashg‘ulotlarda hech qaysi bir futbolchi, o‘zini majburlab shug‘ullanayotgani yo‘q. Professional futbolchi shunisi bilan ham ajralib turadi. Haqiqiy professional har doim motivatsiya bilan o‘ynaydi. Futbol o‘ynash uchun ishtiyoq topa olmaslik g‘alati. Masalan, puli ko‘payib ketib, milliarder bo‘lib qolgan futbolchi butsalarini mixga ilishi kerak. Farqi yo‘q futbolchi necha yosh, u o‘yindan zavqlanishi kerak. Bu masala bo‘yicha bizda muammo yo‘q deb o‘ylayman. O‘z maqsadlarimizga erisha olmaganimiz va muvaffaqiyatsiz bo‘lgani shubhasiz.
- Futbolchilarning individual xatolariga qanday barham berish mumkin? Individual xatolarga chek qo‘yishning iloji bormi? Tajribali murabbiy sifatida ushbu masala bo‘yicha fikr bildirib o‘tsangiz? Jamoangiz individual xatolar tufayli ko‘p jabr ko‘rmoqda. Bugun ham qo‘pol xatodan so‘ng gol o‘tkazib yubordingizlar. Buni qanday qilib to‘g‘irlash mumkin?
- Menga ayting-chi, qaysi jamoada futbolchilar xato qilmaydi? "Barselona"dami yoki "Real"da? Men individual xatoga yo‘l qo‘ymaydigan futbolchilarni bilmayman. Siz bilsangiz, menga aytib yuboring.
- To‘g‘ri, lekin har bir o‘yinda xatolar takrorlanaverishi kerak emas-ku. "Navbahor"da deyarli har bir uchrashuvda qo‘pol xatolar kuzatilmoqda?
- Bo‘lishi mumkin. Bu o‘sha futbolchining mahoratiga bog‘liq. Xato qilyaptimi, demak u yetarlicha mahoratli emas. Konkret futbolchining o‘ziga berilishi kerak bo‘lgan savol. Imkon bo‘lsa, jamoaga boshqa futbolchi izlash kerak. Bu ishni seleksiya deb atashadi. Jamoada zaxira o‘rindig‘i "uzun" bo‘lsa, xato qilayotgan o‘yinchini zaxiraga olish kerak. Bunday imkon bo‘lmasa, bu futbolchi ushbu jamoada nima qilyapti degan savol bilan, ushbu jarayonni tomosha qilishga majburmiz. Hamma adashadi. Masalan, Braziliya terma jamoasi himoyachisi bir o‘yinda o‘z darvozasiga ikkita gol olib kelsa, ushbu futbolchini yomon futbolchi deyish noto‘g‘ri. Shunchaki futbolchi uchun omadsiz kun bo‘ladi. Siz barchasini tushunib turibsiz. Provokatsion savol beryapsiz. Men ushbu savolga ochiqchasiga va ism-shariflarni ishlatgan holda javob berishim mumkin, ammo bu noto‘g‘ri.
- Keyingi uchrashuv "Paxtakor"ga qarshi. So‘nggi yillarda ikki jamoa to‘qnashuvi chempionatimizning eng prinsipial bahsi bo‘lib kelayotgandi. Joriy mavsumda esa, "Paxtakor" ham, "Navbahor" ham o‘ta yomon natijalar qayd etmoqda. Ushbu to‘qnashuvning ahamiyati hali hamon o‘tgan mavsumlardagidekmi? Prinsipiallik va jangovarlik shukuhi saqlanib qolganmi?
- Siz jurnalist sifatida fikrlayapsiz. Men esa bosh murabbiy sifatida fikr yuritaman va ishonch bilan ayta olamanki, bugungi uchrashuvda ham jangovar shukuh bor edi. Menga "Paxtakor"mi yoki boshqa jamoa umuman farqi yo‘q. Har doim kurashuvchanlik va prinsipiallik bor. Men barcha raqiblarga qarshi bir xil tayyorgarlik ko‘raman. Professional futbolchi maydonga chiqib, o‘z ishini a’lo darajada bajarishi kerak. Raqib jamoa nomining ahamiyati bo‘lmasligi kerak. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Ikki tumanning hokim yordamchilari qo‘lga tushdi
Xitoyda markazida bog‘ bo‘lgan 270 metrli osmono‘par bino quriladi