
Shanba oqshomida Italiya futbolida roʻy bergan asosiy voqealar, oʻyinlardagi gollar va turnir jadvalidagi vaziyat haqida ushbu maqola orqali bilib olish imkoniga egasiz.
«Torino» — «Milan» 2:1
Gollar: Tiau (5, avtogol), Gineytis (76) — Reynders (74).
Aniq ijro etilmagan penalti: Pulishich (32).
«Torino» — Milinkovich-Savich, Biragi (Dembele, 82), Koko, Maripan, Pedersen (Valyukevich, 70), Kazadei (Gineytis, 70), Richchi (Linetti, 70), Elmaz (Karamo, 59), Vlashich, Lazaro, Sanabriya.
«Milan» — Menyan, Teo, Pavlovich, Tiav, Ximenes (Chukvueze, 88), Reynders, Musa (Abraham, 54), Leau (Fofana, 46), Feliks (Sottil, 70), Pulishich, Ximenes (Kamarda, 88).
Ogohlantirishlar: Musa (16), Richchi (27).
Italiyada shanba kuni syurpriz bilan boshlandi — «Latsio» Venetsiyada golsiz durang qayd etdi. Rimliklar xavfli zonadagi jamoani magʻlub etolmaganidan «Yuventus» foydalanib qolishi mumkin, turinliklar yakshanba kuni «Kalyari» ustidan gʻalaba qozonsa, toʻrtinchi oʻringa chiqishi va Chempionlar ligasini erta tark etganini qisman yuvishi mumkin.
«Milan» esa asosiy yevrokubokdagi fiaskodan keyin ham choʻkishda davom etmoqda. EChLda ham ishonchli oʻyin koʻrsata olmagan Menyan ichki chempionatda ham uyaltirmoqda. Yaqingacha A seriyaning eng yaxshi darvozaboni sanalgan frantsuz oʻta qoʻpol xatoga yoʻl qoʻydi: u mavsumning eng kulgili gollari kollektsiyasini toʻldirdi. Raqibning oddiy uzatmasidan keyin jarima maydonini tashlab chiqqan darvozabon toʻpni uzoqlashtirish oʻrniga uni jamoadoshi Tshauning koʻksiga qarata tepdi va bu avtogolga aylandi. Malik oʻzi istamagan holda mavsumda ikkinchi bor oʻz jamoasi darvozasini ishgʻol etib qoʻydi.
Shanba kungi muammolar kulgili xato bilan cheklanib qolmadi. Pulishich shu kuni fantastik oʻyin koʻrsatgan Vanya Milinkovich-Savich bilan duelda penaltini golga aylantira olmadi. Bu yilgi chempionatda serbiyalik posbon oʻz darvozasiga qoʻyilgan beshta penaltidan toʻrttasini qaytargan. Bu nafaqat A Seriyadagi, balki Evropaning kuchli beshlik chempionatlaridagi maksimal koʻrsatkichdir. Menyan ham oʻz aybini yuvishga urinib, birinchi boʻlimda seyvlari bilan «Milan» taslim boʻlishiga yoʻl qoʻymadi, ammo Reyndersning hisobni tenglashtirgan golidan ikki daqiqa oʻtib amalga oshirilgan javob hujumida qutqara olmadi. Litvalik Gineytisning uzoq burchakka yoʻllagan zarbasi ideal koʻrinish oldi. Paolo Vanoli bu mavsumda rossonerilar bilan oʻyinlarda 4 ochko toʻpladi va Serjiu Konseysau jamoasi yevrokuboklar oltiligiga kirishi uchun aynan shuncha ochko etishmayapti.
«Inter — «Jenoa» 1:0
Gol: Martines (78).
«Inter» — Jozep Martines, Bastoni (de Vrey, 80), Acherbi, Pavar, Aslani (Chalxonoʻgʻli, 65), Mxitaryan (Zelinski, 65), Barella, Dimarko (Darmian, 85), Dumfris, Martines, Korrea (Torimiy, 46).
«Jenoa» — Leali, Aaron Martin, Vaskes, Bani, Sabelli, Frendrup, Mazini (Venturino, 80), Miretti (Onana, 72), Exator (Junior Messias, 66), Zanoli (Korne, 66), Pinamonti (Ekuban, 66).
Ogohlantirish: Miretti (56).
Birinchi oʻringa koʻtarilib olish imkoniyatiga ega boʻlgan va toʻpga egalik qilish boʻyicha yaqqol ustunlikka erishgan «Inter ancha vaqtgacha «Jenoa» mudofaasini buzib oʻtolmadi. Shu bilan birga, «grifonlar» tanaffusdan keyin qarshi hujumda hisobni ochishga yaqin kelishdi, ammo vaziyatni himoyachi Acherbining qaltis podkati qutqarib qoldi. Faxriy himoyachi barmogʻini sindirib olgani tufayli operatsiya qilingan Zommerni almashtirgan Xosep Martinesning joniga ora kirdi.
Keyinroq ilgari «Jenoa»da oʻynagan ispaniyalik posbon ham yaqin masofadan yoʻllangan zarbani toʻsib, oʻzini koʻrsatishiga toʻgʻri keldi, ammo shundan keyin mehmonlar boshqa xavfli vaziyatlar yaratishmadi. Simone Indzagi tanaffusda Korrea oʻrniga Torimiyni tushirganidan soʻng, neradzurrilar bosimi tezlik oshishiga mutanosib ravishda oʻsib bordi. «Grifonlar» bir vaziyatda toʻpni darvoza chizigʻi ustida toʻxtatishdi, Leali Lautaro Martines ijrosidagi zarbadan keyin qahramonlik koʻrsatdi, Barellaning zarbasidan keyin toʻp ustun va toʻsin tutashgan joyga bordi — hadeganda mezbonlarning omadi kelavermadi. Keyin esa Hoqon Chalxonoʻgʻli oʻyinga qoʻshildi va uning burchak zarbasi Lautaroning goliga olib keldi.
Shundan soʻng noyabr oyidan buyon Patrik Viyeyra murabbiylik qilayotgan «Jenoa» yana hujumga oʻtdi. Jamoa ayrim vaziyatlarda javob goliga juda yaqin edi, shu bilan birga Torimiyda ham yaqqol golli vaziyat yuzaga keldi, ammo eronlik hujumchining yaqin masofadan zarbasi darvozabonning oʻziga bordi. Lautaroda ham hisobdagi farqni oshirish uchun imkoniyatlar boʻldi, yakunda esa hisob oʻzgarmay qoldi. Argentinalik hujumchi esa «Inter» safida qatorasiga oltinchi mavsumda kamida 10 ta gol urayotgan ilk legionerga aylandi. Birinchi oʻringa chiqib olgan milanliklar endi yakshanba kuni «Napoli» ochko yoʻqotishini kutadi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar