15:02 / 24.02.2025
54

Italiyada kun oʻyinlari: «Napoli» inqirozda, «Atalanta» — skudetto uchun poygaga qaytdi (video)

Italiyada kun oʻyinlari: «Napoli» inqirozda, «Atalanta» — skudetto uchun poygaga qaytdi (video)
Yakshanba oqshomida Italiya futbolida roʻy bergan asosiy voqealar, oʻyinlardagi gollar va turnir jadvalidagi vaziyat boʻyicha muhim ma'lumotlar bilan mazkur maqola orqali bilib olasiz.

«Komo» — «Napoli» 2:1
Gollar
: Rrahmani (7, avtogol), Diao (77) — Raspadori (17).
«Komo» — Byute, Valle, Kempf, Goldaniga, Smolchich, Pas (Duvikas, 90), Strefestsa (Voyvoda, 90), Da Kunya (Engelhardt, 81), Perrone, Kakre (Kutrone, 72), Diao (Fadera, 81).
«Napoli» — Meret, Buonjorno, Rrahmani, Di Lorentso, Spinastsola, Maktominey, Lobotka (Okafor, 84), Billing (Zambo-Angissa, 62), Politano (Ngonj, 77), Raspadori, Lukaku (Simeone, 62).
Ogohlantirishlar: Pas (24), Di Lorentso (68), Maktominey (83), Simeone (87).

Bir kun oldin «Milan» darvozaboni Menyan toʻpni oʻz jamoadoshi Tshauga qarata tepib, kulgili avtogolga hammualliflik qilgandi. Bir kun oʻtib «Napoli» himoyachisi Rrahmani unga raqobat koʻrsatishni xohlab, orqaga qaramasdan darvoza tomon kuchli pas berdi, Meret esa bunga tayyor emasdi. Koʻp oʻtmay Lukakuning oʻyini chiqmagan kunlari oʻz gollari bilan jamoasi joniga ora kiradigan Raspadori hisobni tenglashtirdi, ammo shu kuni neapolitanliklar uyga bir ochko ham olib keta olmadi.

Qishda jamoani kuchaytira olgan Sesk Fabregas «Komo»ni yangi darajaga olib chiqmoqda. V seriyadan chiqqan debyutant oʻtgan turda «Fiorentina» maydonida gʻalaba qozongandi, bu safar esa skudettoga da'vogarlardan birini magʻlub etdi. Italiyaga oson moslashayotgan «Betis» tarbiyalanuvchisi Assane Diallo bu oʻyinda ham oʻz nomini tabloga yozdirib qoʻydi. Niko Pasning uzatmasidan keyin himoyachilardan qochib ketgan 19 yoshli forvard A seriyadagi sakkizinchi oʻyinida beshinchi golini urdi. Bu shu yoshdagi futbolchilar uchun top-5 ligalardagi eng yuqori sermahsullik.

Ushbu yosh futbolchi Kutroneni zaxirada qoldirmoqda va «Komo»ni xavfli zonadan olib chiqmoqda. «Napoli» esa qatorasiga toʻrtinchi oʻyinda ochko yoʻqotdi va uch durangdan keyin magʻlubiyatga uchradi. Antonio Konte jamoasi peshqadamlikni qaytarib olish uchun hafta oxirida «Inter»ni magʻlub etishi kerak. Bu uchrashuv chempionlik oʻyiniga aylanadi.

«Empoli» — «Atalanta» 0:5
Gollar
: Gyasi (27, avtogol), Retegi (33), Lukman (43, 55), Dzappakosta (74).
«Empoli» — Silvestri, Kakache, De Shilo, Goglichidze, Grassi (Jurkovski, 72), Male (Kovalenko, 83), Henderson, Pestsella, Gyasi (Sambiya, 57), Espozito (Kampanello, 72), Kuame (Kolombo, 58).
«Atalanta» — Karnezekki, Kolashinas, Jimsiti (Toloi, 63), Posh, Lukman (Kuadrado, 76), de Ketelare (Ederson, 63), Dzappakosta (Rujeri, 86), Pashalich (Breshianini, 76), de Ron, Bellanova, Retegi.
Ogohlantirish: Karnezekki (67).

EChL umumiy guruhida kuchli oʻyin koʻrsatganiga qaramay, yakunda sakkizlikka kira olmagan va oʻtish oʻyinlarida kamtarona «Bryugge» toʻsigʻidan oʻtolmagan «Atalanta» bor alamini «Empoli»dan oldi. Bergamoliklar «Bryugge» darvozasiga kirmagan gollarini ham yakshanba kuni urib olishdi. Birinchi boʻlim oʻrtalaridan oʻtganda Dzappakostaning jarima maydoniga uzatmasidan keyin toʻp Gyassining boshiga tekkan holda darvoza toʻriga yoʻl oldi va mehmonlarning ishtahasi ochildi. Evrokubokda muhim penaltini ura olmagan va murabbiydan dakki eshitib olgan Lukman ikkita gol urdi. Nigeriyalik futbolchi ayni vaqtda jamoasining Italiya chempionatining qatorasiga uchinchi mavsumida kamida oʻnta gol urayotgan yagona futbolchisi. Asosiysi esa — Jan Piyero Gasperini shogirdlari skudetto uchun kurashga qaytdi. Birinchi oʻrin bilan atigi uch ochko ajratib turibdi.

«Kalyari» — «Yuventus» 0:1
Gol
: Vlahovich (12).
«Kalyari» — Kaprile, Zappa, Mina, Luperto, Aujello, Zortea (Marin, 70), Adopo (Viola, 70), Makumbu (Pavoletti, 86), Deyola (Koman, 58), Felichi (Luvumbu, 46), Pikkoli.
«Yuventus» — Di Gregorio, Vea, Gatti, Kelli, Kambiyazo (Ruhi, 73), Kopmeyners (Kolo-Muani, 62), Lokatelli (Tyuram, 73), Konseysau (Luiz 62, Mbangula 82), Makkenni, Yildiz, Vlahovich
Ogohlantirish: Vea (49).

EChLning yana bir omadsiz ishtirokchisi bor e'tiborini ichki chempionatga qaratish imkoniyatiga ega boʻldi. «Yuventus» «Latsio»ning magʻlubiyatidan foydalandi va Sardiniyada gʻalaba qozonib, toʻrtinchi oʻringa koʻtarildi. Yakshanba kungi oʻyinlarni yakunlab bergan turinliklar ilk daqiqalardan kuchli bosim uyushtirishdi va Tiagu Motta hujumchi tanlashda toʻgʻri tanlov qilgani oydinlashdi. Oxirgi turlarda Kolo Muani bilan raqobatda yutqazayotgan Vlahovich maydonga katta ishtiyoq bilan tushib keldi. Himoyachining xatosini poylagan serbiyalik hujumchi toʻpni egallab olgach, darvozabonni ham aldab oʻtdi va oʻtkir burchakdan boʻsh qolgan darvozani ishgʻol etdi. Bu Vlahovichning «Yuventus»dagi (42+8) 50-golli natijasi boʻldi va u asosiy tarkibga qaytish uchun jiddiy qadam tashladi.


arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport