
“Paxtakor” klubi prezidenti maslahatchisi Maksim Shatskix Qozog‘iston nashriga bergan intervyusida Qozog‘iston Pro-ligasida “Turon” safida porlayotgan o‘zbekistonlik yarim himoyachi Behruz Asqarov haqida to‘xtalib o‘tdi.
Asqarov “Qiziljar” va “Atirau”ga qarshi o‘yinlarda nimalar qildi?
22 yoshli futbolchi:
- “Qiziljar”ga qarshi o‘yinda zaxiradan tushib, 1 gol va 1 assist qayd etdi;
- “Atirau”ga qarshi Qozog‘iston Kubogi bahsida ham golli uzatma muallifi bo‘ldi.
Uning maydondagi faoliyati nafaqat Qozog‘istonda, balki O‘zbekistonda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.
“Kelajakdagi Husanov” deb atayotganlar bor...
Biroq Shatskix bu taqqoslashga qo‘shilmaydi:
“Husanov va Asqarov — butunlay boshqacha futbolchilar. Pozitsiya, jismoniy holat va texnika jihatdan farq qilishadi. Behruz tartibli, iste’dodli bola. “Paxtakor”da u ko‘p o‘ynamadi, sababi raqobat kuchli edi. Qolaversa, u doim termada bo‘lardi.”
Unga turli pozitsiyalarda ishonch berilgan
Shatskix Asqarovni nafaqat yarim himoyada, balki turli himoya nuqtalarida ham sinab ko‘rganini aytdi:
“U tayanch zonasida, chap va o‘ng qanot himoyachisi sifatida ham to‘p surdi. Barcha topshiriqlarni sifatli bajardi.”
“Futbol — aql sporti. Unga o‘yin amaliyoti kerak”
“Futbol — birinchi navbatda aql sporti. Behruzda bu bor. Unda katta potensial bor. Ehtimol, birinchi bosqichda “Manchester Siti” emas, lekin u kuchli jamoada o‘ynashga loyiq futbolchi.”
Asqarov haqida qisqacha ma’lumot:
- Joriy yil qishida “Paxtakor”dan Qozog‘istonning “Turon” jamoasiga ijara asosida o‘tgan;
- O‘zbekistonning turli yosh toifasidagi terma jamoalarida to‘p surgan;
- Hozirda U-23 terma jamoasining asosiy tarkib futbolchisi.