
Super derbi — «Roma» va «Latsio» o‘rtasidagi navbatdagi to‘qnashuv 1:1 hisobida yakunlandi. G‘alaba uchun yetarlicha imkoniyatlar bo‘ldi, biroq o‘yin asosan keskin ruhda o‘tdi. Uchrashuvdan so‘ng «Roma» bosh murabbiyi Klaudio Raneri jurnalistlar savollariga javob berdi va o‘zbek futbolchisi Eldor Shomurodov haqida iliq fikrlar bildirdi.
«Uchrashuv menga yoqmadi, har doimgidek asabiy derbi guvohi bo‘ldik», – dedi Raneri.
Tajribali mutaxassis o‘yindagi individual harakatlar, xususan Eldorning ta’siriga alohida to‘xtalib o‘tdi:
«Shomurodov maydonga tushganida hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Uning harakatlari orqali jamoa o‘zini ancha xavfsiz his qiladi. Dovbik ham Eldor bilan birga maydonda bo‘lsa, o‘zini yolg‘iz his qilmaydi. Bu juda muhim. Nima qilish yaxshiroq ekanini esa men hal qilaman», — deb qo‘shimcha qildi ustoz.
Shomurodovning ta’siri sezilarli
Muxlislar uchun qiziq jihati — Eldor Shomurodov so‘nggi bahslarda g‘alaba olib keluvchi harakatlari bilan ajralib turibdi. Garchi u har doim gol urmasin, maydondagi harakatlari va taktik tushunchasi orqali jamoa hujumiga yangilik olib kirmoqda. Raneriga ko‘ra, Shomurodovning borligi boshqa hujumchilarga ham psixologik jihatdan orqa bo‘lmoqda.
Yoshlarga namuna
Eldorning maydondagi faolligi nafaqat klub, balki mamlakatimiz yosh futbolchilari uchun ham katta ilhom manbaidir. Yevropa maydonlarida o‘z o‘rnini topa olgan futbolchining har bir harakati millionlab yurtdoshlarimizning diqqat markazida.
Eldor yana bir bor ishonchni oqlamoqda
Klaudio Ranerining bu kabi izhorlari bir narsani anglatadi: Eldor Shomurodov nafaqat maydonda, balki jamoaning ichki muhitida ham muhim shaxsga aylangan. Uning tayyorgarligi, harakatlari va jamoaga bo‘lgan sadoqati «Roma» kabi katta klubdagi o‘rnini mustahkamlamoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!