
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanovning qisqa vaqt ichida Yevropaning “top-5” ligalaridan ikkitasida o‘ynash darajasiga yetishi nafaqat futbol mutaxassislari, balki minglab yoshlar uchun ham katta motivatsiya manbaiga aylandi.
Uning bevosita ortidan yana bir iqtidorli futbolchi — Behruz Asqarovning nomini futbol jamoatchiligi tez-tez tilga ola boshladi.
Husanov — Belarusdan Fransiya orqali Angliyagacha
Abduqodir Husanov 2022 yili Belarusning “Energetik-BGU” jamoasida o‘zining ilk professional shartnomasini imzoladi. Oradan bir yil o‘tib, 2023 yil yozida u Fransiyaning vitse-chempioni — “Lans” safiga o‘tdi. Bu bilan u Fransiya chempionatida to‘p tepgan ilk o‘zbekistonlik futbolchi sifatida tarixda qoldi.
Yarim mavsum ichida u o‘zini shunday darajada ko‘rsata oldiki, 2024 yilga kelib “Manchester Siti” kabi jahonning eng kuchli klublaridan biri uni o‘z safiga jalb qildi. 21 yoshli himoyachining fevral oyida “Man Siti”da oy futbolchisi deb topilgani uning yorqin harakatlaridan dalolat beradi.
Asqarov — “Paxtakor”dan Qozog‘istonga, maqsad — Yevropa
22 yoshli Behruz Asqarov “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi bo‘lib, klub safida 39 ta uchrashuvda qatnashdi va bittadan gol hamda assistga mualliflik qildi. Ammo u 2025 yilgi mavsumda yangi bosqichga o‘tishni maqsad qilib, Qozog‘istonning “Turon” klubiga ijaraga o‘tdi.
Bir necha pozitsiyada o‘ynay oladigan universal futbolchi “Turon”dagi dastlabki to‘rtta uchrashuvdayoq o‘zini ko‘rsata boshladi — gol va assistlar hisobini ochdi. Keyinchalik, Qozog‘iston kubogida beshinchi o‘yinida yana bir assist qo‘shib, yaxshi ritmni ushlab turibdi.
Xalqaro musobaqalar – “skautlar ko‘zgusi”
Abduqodir Husanov 2023 yilda U-20 Osiyo kubogi va Jahon chempionatida O‘zbekiston termasi safida ishtirok etib, xorij skautlarining e’tiborini tortgan. Xo‘sh, Behruzda ham shunday imkoniyat bormi? Albatta bor!
Asqarov U-19 terma jamoasida 4 ta, U-20 jamoa safida esa 14 ta uchrashuvda qatnashgan. Bu esa uning xalqaro tajribasi shakllanayotganidan dalolat.
“Tayyorlovchi” qo‘l: Ulug‘bek Asanboyev faktori
Abduqodir Husanovning transferidagi muhim shaxs — mutaxassis Ulug‘bek Asanboyev endi Behruz Asqarovni ham qaramog‘iga olgan. Bu mutaxassis futbolchilarni Yevropaga tayyorlashda muayyan uslub va tajribaga ega ekani bilan tanilgan.
Futbolni o‘qiydigan yarim himoyachi
Asqarov chap oyoqli, texnikasi kuchli, bosim ostida o‘zini yo‘qotmaydigan va “o‘yinni o‘qiydigan” futbolchi sifatida tavsiflanadi. U markaziy yarim himoyada ham, himoya markazida, o‘ng qanotda yoki tayanch zonada ham birdek o‘ynay oladi.
Kuchli maqsad — kuchli natija
Abduqodir Husanovning yo‘lini ilhom deb qabul qilgan Behruz Asqarovning maqsadi aniq — O‘zbekiston milliy terma jamoasi safidan mustahkam joy egallash va 2026 yilgi Jahon chempionati yo‘lida termamizga yordam berish.
Yosh, iqtidor va to‘g‘ri yo‘naltirish — o‘zbek futbolining yangicha tarixini yaratayotgan bu avlodga ishonch yuqori.
Abduqodir Husanov Behruz Asqarov O‘zbekiston terma jamoasi Paxtakor Turon Qozog‘iston chempionati Futbol
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!