date
views 5 143

Kiyevda asir tushgan xitoyliklar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi

Kiyevda asir tushgan xitoyliklar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi
Foto: Ukrainskaya pravda
Rossiya tomonida jang qilib, ukrainalik harbiylar tomonidan asirga olingan ikki nafar Xitoy fuqarosi Kiyevda matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda asirlar urushga aldov yo‘li bilan jalb qilinganliklarini so‘zlab berdi.

Van Guanszyunning aytishicha, u rossiyalik rekruter (yollovchi) bilan yaralangan harbiylar uchun reabilitolog sifatida ishga joylashishga kelishgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, erkak Rossiyaga kelganida, «armiyaga tushib qolgan va unda tanlov bo‘lmagan».

Chjan Renboning ma’lum qilishicha, u avvaliga Rossiyaga sayohat uchun kelgan, keyin bo‘lsa «ozgina pul ishlab olishga qaror qilgan». Xitoy fuqarosining aytishicha, unga qurilishda ish taklif qilishgan, ammo keyin «boshqa ishlar boshlangan» va u «hech narsa qila olmay qolgan».

Chjan va Van Xitoy hukumati tuzilmalariga hech qanaqa aloqalari yo‘qligini bildirdi.

Ukraina Qurolli kuchlari ikki nafar Xitoy fuqarosini asirga olgani to‘g‘risida prezident Volodimir Zelenskiy 8 aprel kuni ma’lum qilgandi. U Kiyev xitoyliklarni Rossiyada asirda saqlanayotgan ukrainaliklarga almashishga tayyor ekanini aytgan.

Xitoy Tashqi ishlar vaziri mamlakat o‘z harbiylarini Ukrainaga yubormaganini rasman ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda Rossiya armiyasi tarafida turib o‘nlab Hindiston fuqarolari ham jang qilayotgani to‘g‘risida ma’lum bo‘lgan edi. Keyinroq hukumat aralashuvi bilan vataniga qaytgan hindlar Rossiyaga aldov yo‘li bilan chaqirilib, harbiy shartnomalar tuzishga majburlanganini so‘zlab bergandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kiyevda asir tushgan xitoyliklar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi