date
views 12 320

Maksim Shatskix: "Abduqodir Husanov "Manchester Siti"ga kirishib ketdi, endi u yerdan chiqmaydi"

Maksim Shatskix: "Abduqodir Husanov "Manchester Siti"ga kirishib ketdi, endi u yerdan chiqmaydi"
​"Paxtakor" prezidentining sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Maksim Shatskix sports24.kz saytiga bergan intervyusida Angliyaning "Manchester Siti" jamoasida o‘ynayotgan o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov haqida fikrlarini bildirdi.

- Maksim Aleksandrovich, Husanov haqida nima deysiz? "Manchester derbisi" va "Kristal Pelas"ga qarshi o‘yinda Gvardiola o‘zbekistonlik himoyachini maydonga tushirmadi. Sizningcha, Abduqodir "shaharliklar" boshlang‘ich tarkibida o‘ynay oladimi?

- Uning o‘ynamagani hech narsani anglatmaydi. Abduqodir boshlang‘ich tarkibda o‘ynaydi. Husanov "Manchester Siti"ning kelajagi ekanligini avval ham aytganman, hozir ham aytyapman va bundan keyin ham aytaman. U albatta o‘ynaydi! Kechirasiz-u, yigit hali 21 yoshda. U allaqachon "Manchester Siti" safida ishonchli o‘yinlar ko‘rsatib ulgurdi. Hozir ingliz klubida qayta shakllantirish jarayoni ketyapti va bu, menimcha, davom etadi.

Hech kimga sir emas, hamma ko‘rib turibdiki, hozirgi "Manchester Siti" o‘zining oldingi darajasida emas. Shuning uchun jamoada qayta shakllantirish bo‘ladi. Husanovni ham aynan shu jarayonga taklif qilishgan. Abduqodir juda yuqori mahoratga ega futbolchi. Shu bilan birga, yaxshi inson. Unda futbolchiga kerakli intellekt va jismoniy kuch bor. Yevropa maydonlarida superklubda o‘ynash uchun barcha sifatlarga ega. Uning avval o‘ynab, keyin o‘yinga qo‘yilmagani oddiy rotatsiya. Bu futbolda normal holat.

- Nima bo‘lmasin, u APL grandida tajriba orttirmoqda!
- Husanov "Manchester Siti"ga kirishib ketdi, endi u yerdan chiqmaydi. Uning faoliyati endi yaxshi bo‘ladi. Hammasi o‘ziga bog‘liq. Abduqodir ruhan juda barqaror. Ba’zi himoyachilar yoki darvozabonlar xatolardan keyin o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishlari mumkin. Lekin bu Husanovga tegishli emas! U bu jihatdan mutlaqo xotirjam va tushunarsiz his-tuyg‘ularga berilmaydi. Bu borada Husanovning fazilatlari juda yaxshi.

- Husanovni afsonaviy himoyachilardan biriga o‘xshatsa bo‘ladimi? Masalan, Puyol yoki Pikega?
- Puyolga o‘xshamaydi. U emotsional jihatdan biroz boshqacha futbolchi. Husanov madaniyatli, odobli va kam gapiradi. Ehtimol, vaqt o‘tishi va yoshi ulg‘ayishi bilan bu narsa unda paydo bo‘lar. Abduqodir deyarli gapirmaydi, jim turib o‘z ishini qiladi.

- Ehtimol, Pepega o‘xshar? Kurashchi!
- Ehtimol. Lekin Pepe ulg‘ayganida, tezligi va jismoniy holati yetarli bo‘lmay qolganda, shunday bo‘ldi. Shunda u buni biroz boshqacha usullar bilan qoplay boshladi. Keling, Husanov Husanovdek bo‘lsin!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Maksim Shatskix: "Abduqodir Husanov "Manchester Siti"ga kirishib ketdi, endi u yerdan chiqmaydi"