
U-17 Osiyo Kubogi yo‘llanmasi uchun olib borilayotgan muhim bellashuvda O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi BAA ustidan ishonchli 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvdan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Islom Ismoilov o‘z fikrlarini bildirdi.
“Avvalo barcha o‘zbekistonliklarni g‘alaba bilan tabriklayman. Ammo buni oson o‘yin deb bo‘lmaydi. BAA ham Osiyo miqyosida kuchli jamoalardan biri hisoblanadi”, — dedi murabbiy.
Yuqori pressing va kuchli start – natija o‘zini ko‘rsatdi
Islom Ismoilov jamoaning o‘yin oldidagi rejasi haqida shunday dedi:
“BAAni tahlil qilganimizda, ular hujumni boshlashda qiynalishini payqagan edik. Shu sabab, birinchi bo‘limda yuqori pressing bilan maydonning old chizig‘ida faol harakat qildik. Asosiy maqsad — ilk bo‘limda ko‘proq gol urish edi va yigitlar buni uddaladi. Raqibga imkoniyat qoldirmadik, o‘zimiz esa juda ko‘p golli vaziyatlar yaratdik.”
Ikkinchi bo‘limda pasayish – yoshlikka xos xatolar
Mutaxassis o‘yinning ikkinchi qismi haqida ochiq gapirdi:
“3:0 hisobidan keyin, ehtimol yoshlik tufayli, shogirdlarim ruhan erta yutishganday bo‘ldi. Shunga ko‘ra o‘yinda ma’lum pasayish kuzatildi. Bu — o‘z ustida ishlashimiz kerak bo‘lgan jihatlardan biri. Shuningdek, keyingi uchrashuvni ham hisobga olib, tarkibda bir necha rotatsiyalar qildik.”
Turnir – sinov, futbolchilar – mas’uliyatda
Ismoilov turnirning jiddiyligiga to‘xtalar ekan, futbolchilarning jismoniy holati doimiy nazoratda ekanini ta’kidladi:
“Bu turnir oson kechmayapti. Futbolchilarni to‘g‘ri boshqarish, ularni to‘g‘ri vaqtda maydonga tushirish juda muhim. Har bir o‘yinda bolalarimizning holatini sinchiklab tekshirib boryapmiz.”
O‘zbekiston U-17 terma jamoasi kuchli boshlang‘ich, yuqori intizom va hujumkor o‘yin bilan muxlislarni xursand etmoqda. Ammo murabbiy ta’kidlaganidek, barqarorlik — katta yutuq kaliti. Navbatdagi o‘yinlarda ham futbolchilarimizning yuqori kayfiyatda harakat qilishi barchamizni xursand qiladi, degan umiddamiz. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!