
“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola o‘zbekistonlik legioner Abduqodir Husanovni ketma-ket uchinchi marta maydonga tushirmadi.
Yosh futbolchining asosiy tarkibdan o‘rnini egallagan Niko O'Reyli “Kristal Pelas”ga qarshi bahsda gol urib, murabbiy ishonchini oqladi.
O‘yinda “shaharliklar” dastlab o‘z darvozasidan ikkita to‘p o‘tkazib yuborishdi, ammo keyin raqibga beshta gol urib, yirik g‘alabaga erishishdi.
Uchrashuvdan so‘ng Gvardiola shunday dedi:
– Ikki to‘p farqi bilan orqada borganimizga qaramay, juda yaxshi o‘ynadik. Tanaffusda futbolchilarga bunday vaziyatlardan chiqib keta olishlarini aytdim.
– Burilish Kevin de Bryuynening jarima zarbasidan keyin boshlandi. Bu o‘sha — yillar davomida ko‘rgan darajadagi Kevin edi. U oxirgi bir yarim yilda ko‘p muammolarni boshidan kechirdi. Og‘riqsiz Kevin — butunlay boshqa o‘yinchi.
– Oldinda yana oltita bahs bor, ular har biri o‘ta muhim. Tur yakunlangach, jadvalga nazar tashlaymiz.
Abduqodir Husanovning navbatdagi imkoniyati qachon keladi? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!