
Qozog'istonlik shaxmatchi Bibisara Asaubaeva Dohada o'tgan blits bo'yicha jahon chempionatida g'oliblikni qo'lga kiritdi. 26–30 dekabr kunlari bo'lib o'tgan musobaqada jami 393 ishtirokchi qatnashdi. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Ayollar o'rtasidagi bahslar shveysar tizimida 15 turdan boshlandi. Saralash natijalariga ko'ra Asaubaeva birinchi o'rinni egallab, pley-off bosqichiga yo'l oldi. Turnirda vaqt nazorati 3 daqiqa hamda har yurish uchun 2 soniya qo'shimchadan iborat bo'ldi.
Yarim finalda u Xitoy vakilasi Chju Tszinerga qarshi uchrashib, 3:0 hisobida ishonchli g'alaba qozondi. Hal qiluvchi finalda esa ukrainalik Anna Muzychuk raqib bo'ldi: uch partiya durang bilan yakunlandi, so'nggi bahsda Asaubaeva ustun kelib, chempionlikni rasmiylashtirdi.
Bu natija Asaubaeva uchun faoliyatidagi uchinchi blits bo'yicha jahon chempionligi bo'ldi: u avvalroq 2021 va 2022 yillarda ham ushbu unvonni qo'lga kiritgan. Shuningdek, u Qozog'istondan blits bo'yicha jahon chempionatida uch bor g'olib chiqqan ilk shaxmatchi sifatida tarixga kirdi. Musobaqaning umumiy mukofot jamg'armasi 1 mln yevrodan oshdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.