
Yamandagi urushda yillar davomida bir tomonda turgan Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari munosabatlarida keskinlik kuchaydi. Bunga bo‘lingan Yaman hukumatidagi navbatdagi tarqoqlik hamda Ar-Riyod va Abu-Dabining turli siyosiy-harbiy guruhlarni qo‘llab-quvvatlayotgani sabab bo‘layotgani aytilmoqda. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
30 dekabrga o‘tar kechasi Saudiya harbiy aviatsiyasi Yaman janubidagi Mukalla portiga zarba berdi. Qirollik TIV bayonotiga ko‘ra, portda go‘yoki BAA orqali keltirilgan va Janubiy Yaman ajralib chiqishini yoqlayotgan separatistlar uchun mo‘ljallangan qurol-aslaha hamda zirhli texnika nishonga olingan.
Shundan so‘ng Yaman Prezidentlik rahbariyati kengashi raisi Rashad al-Alimiy BAA bilan harbiy hamkorlik bo‘yicha kelishuv bekor qilinganini e’lon qildi. U Amirliklar harbiylaridan 24 soat ichida mamlakat hududini tark etishni talab qildi va Abu-Dabini ichki urushni qo‘zg‘atayotganlikda aybladi. Saudiya Arabistoni ham emirlik kuchlarini olib chiqish talabi tarafida ekanini bildirdi.
Saudiya Arabistoni va BAA 2015 yildan buyon xalqaro koalitsiya tarkibida xalqaro hamjamiyat tan olgan Yaman rasmiylariga husiylarga qarshi kurashda tayanch bo‘lib keladi. 2022 yilda ular ishtirokida shimol, jumladan Sana ustidan nazoratni qaytarishni maqsad qilgan vaqtinchalik milliy birlik tuzilmasi — Prezidentlik rahbariyati kengashi tuzilgan edi.
Unga uch asosiy siyosiy kuch vakillari kiritilgandi: Umumiy xalq kongressi, “Al-Islah” partiyasi va Janubiy o‘tish kengashi. Biroq tez orada, ayniqsa janubdagi kuchlar 1970–1990 yillarda alohida davlat bo‘lib mavjud bo‘lgan Janubiy Yaman mustaqilligini tiklash talabini kuchaytirgani fonida, ichki ziddiyatlar chuqurlashdi.
Ar-Riyod ko‘proq dunyoviy millatchilarga tayanayotgani, BAA esa an’anaviy ravishda Janubiy o‘tish kengashi bilan yaqin aloqalarni mustahkamlab kelayotgani qayd etilmoqda. Bu Amirliklarning dengiz savdosi yo‘nalishlaridagi strategik manfaatlari bilan bog‘lanadi: Adan qo‘ltig‘i, Adan va Mukalla portlari hamda Bob ul-Mandab bo‘g‘ozi amalda janubiy kuchlar nazoratida.
2025 yil kuzida Hadramaut viloyatida BAA qo‘llab-quvvatlaydigan “Al-Hirak” harakati bilan Ar-Riyodga yaqin Hadramaut qabilalari alyansi o‘rtasidagi qarama-qarshilik keskinlashdi. Masila konidagi neft qazib olish to‘silishi vaziyatni og‘irlashtirgan, dekabr boshida esa “Al-Hirak” hujumga o‘tib, bir hafta ichida hukumat kuchlarini Janubiy Yaman viloyatlarining deyarli barchasidan siqib chiqargani bildirilgan.
Avval Adanda joylashgan Prezidentlik rahbariyati kengashi 9 dekabr kuni shoshilinch ravishda shaharni tark etib, Ar-Riyodga ko‘chgani aytiladi. Al-Alimiy u yerdan turib BAA bilan ittifoq uzilganini hamda xalqaro koalitsiya roziligisiz harakatlanadigan barcha kemalar va samolyotlar uchun Janubiy Yamanga havo va dengiz blokadasi joriy etilganini ma’lum qilgan.
Materialda ta’kidlanishicha, amalda hozir Yaman hududida xalqaro miqyosda tan olingan hukumat qolmagan. Shunga qaramay, Saudiya rasmiy bayonotida BAA “birodar davlat” deb atalgan, biroq separatistlarni qo‘llab-quvvatlash “nihoyatda xavfli qadam” ekani haqida ogohlantirilgan. Hujjatda Saudiya milliy xavfsizligiga har qanday tahdid “qizil chiziq” ekani, uni kesib o‘tilsa qirollik qat’iy choralar ko‘rishi mumkinligi urg‘ulangan.
BAA esa e’lon qilingan paytga qadar Mukalla bo‘yicha zarbalar va Yamandan harbiylarni olib chiqish talabi yuzasidan rasmiy izoh bermagan.
Shuningdek, avvalroq The Atlantic jurnali bosh muharriri Jeffri Goldberg tasodifan Signal messenjeridagi yopiq guruhga qo‘shilib qolganidan so‘ng, u yerda Donald Tramp ma’muriyatining yuqori lavozimli amaldorlari husiylarga qarshi havo zarbalarini muhokama qilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Yozishmalarda AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens, mudofaa vaziri Pit Hegset va milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uolts ishtirok etgani aytilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.